Bu yilning yanvar-avgust oylari yakuni bo‘yicha respublikaning tashqi savdo aylanmasi (TSA) 24,537 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, 2019 yilning mos davriga nisbatan 3,554 mlrd dollariga yoki 12,7 foizga kamaydi. Eksport hajmi 11,6 mlrd dollarni, import hajmi esa 12,9 mlrd dollarni tashkil qildi. 2019 yilning mos davriga nisbatan eksport 4,1 foizga, import 19,1 foizga kamaydi. O‘zbekiston tashqi savdo balansi minus 1,32 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu hakda Statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.

Hozirgi paytda, respublika 160 dan ortiq davlatlar bilan savdo aloqalarini o‘rnatgan. TSAning yirik ulushi Xitoy (16,4%), Rossiya (14,6%), Qozog‘iston (7,2%), Koreya Respublikasi (5,9%), Turkiya (5,0%), Qirg‘iziston (2,3%) va Germaniyada (2,0%) qayd etilgan.

Yanvar-avgust oylari davomida respublikaga eng ko‘p Xitoy (2,838 mlrd dollar), Rossiya Federatsiyasi (2,655 mlrd dollar), Koreya Respublikasidan (1,42 mlrd dollar) tovarlar va xizmatlar olib kelindi, ya’ni import qilindi. Bu davr davomida O‘zbekistondan eng ko‘p Xitoyga (1,19 mlrd dollar), Rossiyaga (934,1 mln dollar) va Turkiyaga (556,1 mln dollar) tovarlar va xizmatlar eksport qilindi.

TSA bo‘yicha eksport tarkibida oltin ulushi 50 foizni tashkil etdi. Bundan tashqari, ekport hajmida sanoat tovarlarning ulushi 15 foizga, xizmatlar ulushi esa 11,3 foizga to‘g‘ri kelmoqda. Xizmatlar eksporti tarkibida transport xizmatlari 67,7 foizni tashkil etdi.

Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari (37,8%), sanoat tovarlari (17,1%) hamda kimyoviy vositalar va boshqa toifalarga kiritilmagan shunga o‘xshash mahsulotlar (13,8%) hisobiga to‘g‘ri keldi. Tovarlar to‘g‘risida alohida aytadigan bo‘lsak, cho‘yan va po‘lat (903,3 mln dollar), tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari (645,7 mln dollar), avtomabillarning ehtiyot qismlari (608,9 mln dollar) import hajmida eng katta ulushga ega.