O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent viloyatidagi Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasida elektr ta’minoti uzilib qolgani haqidagi ma’lumotlar yuzasidan bayonot berdi.

Xabarda qayd etiliicha, jurnalist Xurshid Daliyevning Twitter sahifasidagi postida COVID-19 markazida ahvol yomonlashib, kislorod konsentratoriga ulangan bemorlarning ko‘pchiligi vafot etgani aytilgan.

Shu yilning 6 iyulidan bemorlarni qabul qila boshlagan Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi yangi va zamonaviy talablarga moslab qurilgan. Kecha Zangiotadagi shifoxonada elektr energiyasi uzilmagan, deyiladi xabarda.

Shuningdek, kasalxonada birorta ham o‘lim qayd etilmagan. Shifoxonada elektr uzluksizligini ta’minlash maqsadida 3 ta dizel generatori o‘rnatilgani hamda barcha shifokorlar koronavirus bilan kurashga jalb qilingani aytib o‘tildi.