Yaqinda Italiyaning «Jenoa» futbol jamoasi safiga qo‘shilgan o‘zbekistonlik futbolchi Eldor Shomurodov Sport24 muxbiri bilan suhbat davomida qanday qilib Itali A seriyasi klubiga qo‘shilgani, kelajakdagi rejalari va bolalikdagi orzulari haqida gapirib berdi.

— Siz va «Jenoa», bu qanday sodir bo‘ldi?

— Hammasi juda tez ro‘y berdi. Menga Kaxor (Mo‘minov — ProSport Management vakili) qo‘ng‘iroq qildi va shunday variant bor, urinib ko‘rish kerak dedi. Men bunga tezda rozilik bildirdim. Men bolaligimdan Yevropada to‘p surishni orzu qilar edim. Boshidanoq shunga intilganman. Qaysi mamlakat yoki qaysi klub ekanligini farqi yo‘q, men aynan Yevropada o‘zimni sinab ko‘rishni, nimaga qodir ekanligimni ko‘rishni xohladim.

— So‘nggi paytlarda «Verona» va «Fiorentina» sizni o‘ziga qo‘shib olishni istayotganliklari haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. Siz ushbu variantlarni ko‘rib chiqqanmidingiz yoki boshidanoq Genuya klubiga to‘xtalganmidingiz?

— Men bu haqda internet orqali xabar topdim. Lekin bu paytga kelib biz «Jenoa» klubi bilan so‘nggi detallarni kelishishga ulgurgan edik. Boshqa variantlar haqida o‘ylamagan edim.

— Bu yil yozda sizda boshqa variantlar ham bo‘lganmidi?

— Ispaniyadan. Belgiyadan «Genk» klubi bor edi. Bungacha, yil boshida «Shtutgart» varianti ham mavjud edi.

— «Jenoa» varianti paydo bo‘lganda Karpin («Rostov» klubi bosh murabbiyi — tahr.) nima degan edi?

— Men unga o‘zimni sinab ko‘rmoqchiligimni aytdim. U «futbolchi sifatida seni tushunaman, murabbiy sifatida esa ketishingni xohlamagan bo‘lar edim, sen menga «Rostov»da keraksan», degan edi. U agar klub rahbariyati transferni tasdiqlashsa, bunga to‘sqinlik qilmasligini aytdi. Men undan va klubdan mening orzuimni tushungani uchun juda minnatdorman.

— «Jenoa»da siz 61-raqamni tanladingiz. Bu Rostov viloyatining hududiy kodi, shundaymi?

— Bu g‘oyani menga do‘stim taklif qildi. U «agar raqam borasida bir qarorga kelmagan bo‘lsang, 61 ni tanla, bu bizning viloyatning kodi, rostovlik muxlislarga bu yoqadi deb o‘ylayman» dedi.

— Aytaylik, «Zenit» taklif bildirganida, baribir «Jenoa» ga ketgan bo‘larmidingiz?

— Ketgan bo‘lar edim, albatta. Chunki men boshidanoq agentimga «birinchi navbatda Yevropa, keyin boshqa narsalar» deb kelganman. Chunki menda avvaldan beri Qatar, Saudiya Arabistoni va Xitoy variantlari bo‘lgan, lekin men ularga hatto qiziqmas edim. Pul asosiysi emas.

— Keyingi safar O‘zbekistonga qaytganingizda o‘zingiz bilan qancha «Jenoa» futbolkasini olib kelasiz?

— Tasavvur qilishim qiyin. Menimcha, bir katta sumkani to‘ldirib kelsam kerak. Lekin bu albatta mening qanday o‘yin ko‘rsata olishimga bog‘liq. Agar yaxshi o‘ynab keta olsam — jamadon ham kamlik qiladi. Yomon o‘ynasam hech kim meni futbolkamni olmaydi.

Ma’lumot uchun, Eldor Shomurodov sentyabr oxirida Italiyaning «Jenoa» futbol klubi safiga qo‘shilgan edi. Genuyaliklar futbolchi uchun «Rostov» klubiga 7,5 mln yevro haq to‘lashdi. O‘zbekistonlik futbolchiga ushbu klubdan tashqari yana «Fiorentina» va «Verona» kabi Italiya klubari qiziqish bildirayotgan edi.