Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni hayotga qaytarish maqsadida Vazirlar Mahkamasininng «Odam savdosi jabrdiydalarini reabilitatsiya qilish choralari kuchaytirish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi jamoat muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazi Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidan Ichki ishlar vazirligi tasarrufiga o‘tkaziladi.

Shu bilan bir qatorda, odam savdosi qurbonlariga yordam berish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazi uchun ajratilgan o‘rinlar soni 50 taga oshiriladi.

Shuningdek, qaror loyixasida, odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida har biri 30 o‘ringa mo‘ljallangan hududiy bo‘linmalari tashkil etilishi belgilab qo‘yilgan.

Qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli davlat organlariga odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazining hududiy filiallarini belgilangan tartibda tashkil etish va zarur jihozlar bilan ta’minlash vazifalari yuklatiladi.

Qaror loyihasining muhokamasi 23 oktyabrga qadar davom etadi.