Shimoliy Koreya rahbari ko‘z yoshlarini to‘kib xatolari uchun kechirim so‘radi

Foto: naenara.com.kp

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In xalq oldida qilgan xatolari uchun ko‘z yoshlarini to‘kib uzr so‘radi. Ta’kidlanishicha, KXDR rahbari Koreya Ishchilar partiyasining 75 yilligi sharafiga qilgan nutqining deyarli uchdan bir qismida mamlakat xalqiga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, u ularning hayotini yaxshilay olmaganidan afsusda ekanligini aytdi. «Xalqimiz menga ishonar edi, ularning ishonchi osmon qadar baland va dengiz kabi chuqur edi, lekin men har doim ham ularning umidlarini qondira olmadim. Chindan ham afsusdaman», — dedi Kim Chen In. — lenta.ru

Ukraina prezidenti o‘z lavozimini tark etishga tayyorligini aytdi

Foto: Ukraina prezidentining matbuot xizmati

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy BBC bilan suhbatda Donbassdagi urushni tugata olmasa, o‘z lavozimini tark etishga tayyorligini e’lon qildi. «Men uchun bu umuman muammo emas. Men reyting va kuchga yopishmayapman. Agar men urushni tugata olmasam, u holda bu fojiali voqeani tugatishga qodir boshqa odam kelishi kerak», — deya izoh berdi Ukraina prezidenti. — VVS

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Sooronbay Jeenbekovni iste’foga chiqishga chaqirdi

Foto: president.kg

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev respublikaning amaldagi rahbari Sooronbay Jeenbekovni zudlik bilan iste’foga chiqishga chaqirdi. «Sooronbay Jeenbekov Sadir Japarovga va’da bergani kabi zudlik bilan iste’foga chiqishi kerak. Va barchamiz bunga erishishimiz kerak. Aks holda, tez orada juda kech bo‘ladi», — deb yozgan Atambayev bayonotida. Sobiq davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 5 oktabrdagi tartibsizliklar ortidan «muxolifat lagerida kelishmovchiliklar boshlanib, rahbarlar bir-biri bilan ziddiyatda bo‘lganlarida, ular asosiy narsani qo‘ldan boy berishdi… Sooronbay klan yordamida o‘z pozitsiyalarini mustahkamlay boshladi». — RIA Novosti

Xitoyda Sindao shahrining butun aholisi koronavirusga tekshiriladi

Xitoyning Sindao shahri hokimiyati butun aholini koronavirusiga tekshiradi. Shaharda to‘qqiz million kishi istiqomat qiladi. Bunga kasallikning yangi aniqlanish holatlari sabab bo‘ldi. Zararlanganlar asosan chet eldan qaytib kelgan xitoyliklar davolanadigan kasalxonada aniqlandi. Aniqlangan holatlarning yarmida kasallik simptomlari kuzatilmadi. — lenta.ru

Belarusdagi namoyishlarda bir kun ichida 600 kishi hibsga olindi

11 oktyabr kuni Belarusda avgust oyidagi prezidentlik saylovlari natijalaridan norozi bo‘lganlarning «G‘urur marshi» bo‘lib o‘tdi. Mamlakat bo‘ylab politsiya 600 kishini hibsga oldi. Belarusning «Vesna» inson huquqlari markazi saytida hibsga olinganlarning ro‘yxati doimiy ravishda yangilanadi. — Gazeta.uz

Emomali Rahmon prezidentlik saylovlarda g‘olib bo‘ldi

11 oktyabr kuni Tojikistonda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida amaldagi prezident Emomali Rahmon 90,92% ovoz bilan g‘olib bo‘ldi. Saylovda qatnashish ko‘rsatkichi 85,39% ni tashkil qildi, ya’ni ro‘yxatdan o‘tkazilgan 4,9 million fuqarodan 4,2 million nafari saylovlarda ishtirok etdi. Shulardan 90,92%, ya’ni 3,8 million qatnashchi Emomali Rahmonga ovoz bergan. — Gazeta.uz

Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti auksionlar nazariyasi uchun topshirildi

Amerikalik Pol Milgrom va Robert Uilsonlar auksionlar (kim oshdi savdosi) nazariyasini takomillashtirgani va auksionning yangi formatlarini ixtiro qilgani uchun Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlangan Shvetsiya davlat bankining iqtisodiyot uchun mukofotiga sazovor bo‘lishdi. — Gazeta.uz