Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida tuman va shahar hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilariga xizmat mashinalari topshirildi.

Navoiy viloyatida jami 10 ta tuman va shaharlarning hokim maslahatchilariga 10 ta Nexia R3 mashinalari topshirilgan. Navoiy viloyati hokimligining «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, prezident topshirig‘iga binoan barcha viloyatlarda hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilariga xizmat mashinalari topshiriladi.


Foto: Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati

12 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatida ham tuman va shahar hokimi maslahatchilariga «Nexia-3» va viloyat hokimining maslahatchisi Komila Karomovaga «Tracker» avtomashinalari topshirildi.

«Maslahatchilar uchun hokimlik binolarida zamonaviy xizmat xonalari, qo‘shimcha yordamchi xodim va faoliyati uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratilgani, ayniqsa, o‘rinbosar maqomida ish olib borishi xotin-qizlarimiz muammolariga o‘z vaqtida yechim topishga zamin yaratadi, deb o‘ylayman», — deydi viloyat hokimi Zoyir Mirzayev.


Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati