O‘zbekistonda 1 oktyabr holatiga ko‘ra, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining hududiy tuman (shahar) bo‘limlari hisobida turib, pensiya va nafaqa olayotgan 100 yoshga to‘lgan va 100 yoshdan oshganlar soni 794 nafarni tashkil qiladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

100 yoshdan oshganlarning 131 nafari (16,5 foiz) erkak va 663 nafar (83,5 foiz) ayol.

Shulardan 143 nafari Qashqadaryo viloyatida, 120 nafari Surxondaryo viloyatida, 78 nafari Samarqand viloyatida, 76 nafari Farg‘ona viloyatida, 64 nafari Toshkent viloyatida, 59 nafari Namangan viloyatida, 56 nafari Andijon viloyatida, 37 nafari Buxoro viloyatida, 36 nafari Xorazm viloyatida, 31 nafari Jizzax viloyatida, 27 nafari Navoiy viloyatida, 25 nafari Toshkent shahrida, 23 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida va 19 nafari Sirdaryo viloyatida istiqomat qiladi.

Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida 383 nafar pensiya va nafaqa oluvchi 100 yoshga to‘ldi. Ularning 70 nafari (18,3 foiz) erkak va 313 nafari (81,7 foiz) ayollardir.