Tinchlik bo‘yicha 2020 yilgi Nobel mukofoti BMTning Jahon oziq-ovqat dasturiga (World Food Programme) «ochlik bilan kurashish borasidagi sa’y-harakatlari, mojarolardan zarar ko‘rgan hududlarda yashash sharoitlarini yaxshilashga qo‘shgan hissasi hamda urush va mojarolarda ocharchilikni qurol sifatida ishlatmaslikning harakatlantiruvchi kuchi sifatidagi ishlari uchun» berildi, deya xabar berdi RIA Novosti.

BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi dunyodagi eng yirik gumanitar tashkilot bo‘lib, har yili to‘rt millionga yaqin kishini oziq-ovqat bilan ta’minlaydi. Ushbu dastur rivojlanayotgan mamlakatlarda ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash vositasi sifatida 1963 yilda tashkil etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Nobel qo‘mitasi hafta davomida fiziologiya va tibbiyot, fizika, kimyo, shuningdek, adabiyot sohalari bo‘yicha laureatlarni e’lon qildi. Hafta so‘ngida, ya’ni 12 oktyabr kuni Shvetsiya davlat banki tomonidan 1969 yili ta’sis etilgan iqtisodiyot bo‘yicha Alfred Nobel yodgorlik mukofoti kimga atalgani e’lon qilinadi.

G‘oliblarni taqdirlash marosimi shved ixtirochisi Alfred Nobel vafot etgan sanada, ya’ni 10 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bu yil har bir Nobel mukofotining miqdori 10 mln shved kronasiga (1,1 mln AQSH dollari) teng qilib qo‘yildi.