Prezidentning 8 oktyabrdagi qarori bilan Shahlo O‘tkurovna Turdiqulova innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, deya xabar berdi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.

Shahlo Turdiqulova 1973 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1995 yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetini tamomlagan. Shu kunga qadar u Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori lavozimida ishlab kelgan.

Shahlo Turdiqulova — biologiya fanlari doktori, professor. «Do‘stlik» ordeni sohibasi. Ilmiy faoliyati davomida 160 tadan ortiq ilmiy ishlari, jumladan 2 ta o‘quv darslik va 2 monografiya chop etilgan. Xirsh indeksi — 11, ishlariga boshqa olimlar tomonidan iqtibos keltirish statistikasi — 1085, O‘zbekistonda deyarli eng yuqori umumiy Impakt faktoriga ega — 149,5.