O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8 oktyabr kuni jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

O‘rganishlarga tayanib ma’lum qilinishicha, ehtiyojmand xotin-qizlarning 55 foizi o‘rta ma’lumotli. Ishsiz yoshlarning ham ko‘pchiligi zamonaviy bilim va hunarlarni egallamagan.

«Yoshlar va xotin-qizlarni mehnat bozorida talab yuqori kasb-hunarlarga tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘ysak, ularning munosib ish topishiga ko‘maklashsak, ko‘plab ijtimoiy va iqtisodiy muammolar hal bo‘ladi. Buning uchun nafaqat davlat ta’lim muassasalari, balki mingdan ziyod nodavlat kasb-hunar ta’limi markazlarini ham jalb qilish zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilganidek, bu borada mutlaqo yangi tizim joriy qilinib, nodavlat kasb-hunar ta’limi markazlari orqali yoshlar va ayollarda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 million dollar miqdoridagi mablag‘ yo‘naltiriladi. Shuning 10 millioni yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitishga, 90 millioni esa o‘quv kurslarini tamomlab, sertifikat olganlarga imtiyozli kreditlar ajratish uchun sarflanadi. «Ijtimoiy shartnoma» orqali nodavlat kasb-hunar o‘quv kurslarini bitiradigan yoshlar va ayollarga ta’lim xarajatlari uchun 1 million so‘mgacha subsidiya beriladi.

«Gazeta.uz» avval xabar qilganidek, prezident oliy ma’lumot talab qilinadigan lavozim va kasblar sonini kamaytirishga topshiriq berdi. Hozirda 2484 ta, ya’ni 70 foiz xizmatchi lavozimi bo‘yicha oliy ma’lumot talab etiladi.