O‘zbekiston siyosiy partiyalarining fraksiyalari «Favqulodda holat to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ko‘rib chiqishni boshladi. «Gazeta.uz» jamoat muhokamasiga qo‘yilmagan hujjat loyihasi bilan tanishib chiqdi va undagi asosiy fikrlarni keltiradi. Shuni ham ta’kidlash joizki, qonun loyihasining so‘nggi versiyasiga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. Shunga o‘xshash qonun loyihasi 2016 yilda ishlab chiqilgan va muhokama uchun olib chiqilgan, ammo oxir-oqibat u qabul qilinmagan edi.

Qonun loyihasi 7 bob va 35 moddadan iborat. Hujjatda keltirilishicha, favqulodda holatni joriy etishning maqsadlari, uni joriy etish uchun asos bo‘lgan holatlarni bartaraf qilish, jamoat xavfsizligini, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish va xavfsizligini ta’minlash, mamlakatning konstitutsiyaviy tuzumi va hududiy yaxlitligini muhofaza qilishdan iborat.

Hujjatda quyidagi tushunchalarga ta’rif berilgan:

komendantlik soati — maxsus taqdim qilingan ruxsatnoma va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz ko‘chalarda va boshqa jamoat joylarida yoxud turar joydan tashqarida bo‘lishga oid taqiq o‘rnatuvchi sutkaning belgilangan vaqti;

o‘ta muhim va toifalangan ob’ektlar — qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanadigan, aholining hayot faoliyatini ta’minlovchi va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy tashkilotlar, alohida inshootlar
va boshqa ob’ektlar;

favqulodda holat — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va mazkur Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga qo‘shimcha majburiyatlarni yuklashga yoki ularning huquq va erkinliklari uchun alohida cheklovlar o‘rnatishga yo‘l qo‘yuvchi O‘zbekiston Respublikasining butun hududi yoki alohida ma’muriy hududlarida vaqtinchalik joriy etiladigan, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, siyosiy partiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat’i nazar boshqa tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mazkur Qonun bilan o‘rnatiladigan alohida huquqiy rejimi;

favqulodda holat joriy etiladigan hudud chegaralari — O‘zbekiston Respublikasining butun hududini yoki alohida ma’muriy hududlarini qamrab oluvchi favqulodda holat rejimining amal qilish doirasi;

Favqulodda holat rejimini ta’minlash bo‘yicha davlat komissiyasi — favqulodda holat joriy etish uchun asos bo‘lgan holatlarni bartaraf etish choralarini ishlab chiqish va favqulodda holat joriy etilgan hududlardagi davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar hamda hudud komendaturalari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tuziladigan vaqtinchalik maxsus davlat boshqaruvi organi;

hudud komendanti — favqulodda holat joriy qilingan ma’muriy hududda hudud komendaturasi faoliyatiga rahbarlik qiluvchi hamda favqulodda holat rejimini ta’minlovchi kuch va vositalarning yagona boshqaruvini amalga oshiruvchi mansabdor shaxs;

hudud komendaturasi — favqulodda holat joriy etilgan ma’muriy hududda favqulodda holat rejimini ta’minlovchi kuch va vositalarni boshqarish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan vaqtinchalik maxsus davlat boshqaruvi organi.

Foto: Shuhrat Latipov / «Gazetauz».

Favqulodda holat fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va xavfsizligiga yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga bevosita tahdid soluvchi hamda favqulodda choralar ko‘rmasdan bartaraf etish mumkin bo‘lmagan quyidagi holatlar yuzaga kelganda joriy qilinadi:

  • real tashqi xavf, O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumi va hududiy yaxlitligiga tajovuz qilish, qurolli qo‘zg‘olon, ommaviy tartibsizliklar, terrorchilik harakatlari, shuningdek fuqarolar hayoti va xavfsizligiga, davlat organlari, boshqa tashkilotlarning kundalik faoliyatiga bevosita tahdid soladigan zo‘ravonlik harakatlarini o‘zida ifoda etish bilan bog‘liq bo‘lgan o‘ta muhim va toifalangan ob’ektlar yoki alohida joylarni to‘sish yoki qo‘lga olish harakatlari, noqonuniy qurolli tuzilmalarni tayyorlash va ularning faoliyat ko‘rsatishi holatlari hamda millatlararo, konfessiyalararo va chegaraviy nizolar;
  • yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar hamda keng qamrovli avariya-qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirishni talab qiluvchi boshqa tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar, favqulodda ekologik vaziyatlar.

Favqulodda holat O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan mamlakatning butun hududida yoki alohida ma’muriy hududlarida joriy etiladi. O‘zbekiston prezidentining favqulodda holatni joriy etish to‘g‘risidagi farmoni uch sutka mobaynida O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatiga tasdiqlash uchun kiritiladi. O‘zbekiston prezidentining favqulodda holatni joriy etish to‘g‘risidagi farmoni darhol ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi lozim.

O‘zbekistonning butun hududida favqulodda holat joriy etilganda O‘zbekiston Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tarqatib yuborilishi mumkin emas, deyiladi hujjat loyihasida.

O‘zbekistonning butun hududida joriy etilgan favqulodda holatning amal qilish muddati 30 sutkadan, uning alohida ma’muriy hududlarida joriy etilgan favqulodda holatning amal qilish muddati 60 sutkadan oshishi mumkin emas. Muddat tugashi bilan favqulodda holat tugatilgan deb hisoblanadi. Ushbu muddat mobaynida favqulodda holatni joriy etishdan ko‘zlangan maqsadga erishilmagan hollarda, uning amal qilish muddati prezident farmoni bilan uzaytirilishi mumkin.

Favqulodda holatda qo‘llaniladigan choralar va cheklovlar

Foto: Sabina Bakayeva / «Gazeta.uz».

O‘zbekiston prezidentining favqulodda holatni joriy etish to‘g‘risidagi Farmoni bilan favqulodda holatning amal qilish davrida quyidagi choralar va vaqtinchalik cheklovlar qo‘llanilishi mumkin:

  • komendantlik soatini joriy etish;
  • karantin joriy etish, sanitariya va epidemiyaga qarshi, veterinariya
    va boshqa tadbirlarni amalga oshirish;
  • jamoat tartibini saqlash, o‘ta muhim va toifalangan ob’ektlar hamda aholining hayotiy faoliyatini ta’minlovchi ob’ektlarning qo‘riqlanishini kuchaytirish;
  • O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni shaxsiy tekshiruvdan o‘tkazish, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari, buyumlari, turar joy va transport vositalarini tekshiruvdan o‘tkazish;
  • favqulodda holat rejimini buzayotgan va favqulodda holat joriy etilgan hududda yashamaydigan shaxslarni o‘z hisobidan, mablag‘lari bo‘lmagan taqdirda keyinchalik sud tartibida qoplash sharti bilan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan mazkur hududdan chiqarib yuborish;
  • aholini vaqtinchalik statsionar yoki ko‘chma turar joylar bilan majburiy ravishda ta’minlagan holda xavfsiz hududlarga ko‘chirish;
  • moddiy va madaniy boyliklarning yo‘q qilinishi, o‘g‘irlanishi
    yoki shikastlanishiga tahdid mavjud bo‘lgan taqdirda, ularni xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish, ko‘chmas ob’ektlari bo‘yicha esa saqlashga doir tegishli choralarni ko‘rish;
  • favqulodda holatni joriy etish uchun asos bo‘lgan holatlarni bartaraf etishga to‘sqinlik qiluvchi siyosiy partiyalar va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarning faoliyatini to‘xtatib turish;
  • davlat zaxiralarini jalb qilish, mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar tashkilotlarning resurslarini safarbar etish, ularning ish tartibini o‘zgartirish, ushbu tashkilotlarni favqulodda holat sharoitlarida zarur bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishga qayta ixtisoslashtirish va ishlab chiqarish-xo‘jalik faoliyatiga boshqa zaruriy o‘zgartirishlar kiritish;
  • avariya-qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirish hamda ta’minlash zaruriyati bilan bog‘liq bo‘lgan istisno hollarda, mehnat muhofazasi talablariga majburiy rioya qilgan holda mehnatga layoqatli aholini, yuridik va jismoniy shaxslarning transport vositalarini mazkur ishlarni amalga oshirishga jalb etish;
  • oziq-ovqat, dori-darmon va birlamchi ehtiyoj mahsulotlarini sotish, xarid qilish va taqsimlashning alohida tartibini belgilash;
  • maxsus vositalar, zaharli moddalarni sotishni taqiqlash, tarkibida giyohvandlik vositalari va ularning analoglari, psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalar bo‘lgan dori vositalari va preparatlar, etil spirti, alkogol mahsulotlari aylanmasining alohida tartibini belgilash. Istisno hollarda, fuqarolardan qurol va o‘q-dorilar, tashkilotlardan esa qurol, o‘q-dorilar, maxsus vositalar va zaharli moddalar, shuningdek jangovar va o‘quv-jangovar (o‘quv) texnika, portlovchi va radioaktiv moddalarni vaqtinchalik olib qo‘yish;
  • favqulodda holat joriy etilgan hududlarda davlat boshqaruvi organlari (ularning tarkibiy bo‘linmalari) va mahalliy davlat hokimiyati organlari vakolatlarini to‘liq yoki qisman to‘xtatib turish;
  • portlovchi, radioaktiv, kimyoviy va biologik xavfli moddalardan foydalanadigan xavfli ishlab chiqarishlar va tashkilotlar faoliyatini to‘xtatib turish;
  • favqulodda holat joriy etilgan hudud bo‘yicha harakatlanish erkinligini cheklash, mazkur hududga kirish va undan chiqishning alohida tartibini joriy qilish, ushbu hududda, zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning kirib kelishi va bo‘lishiga cheklovlar joriy etish;
  • transport vositalari harakatini cheklash va ularni tekshirishni kuchaytirish;
  • faoliyatning ayrim turlarini, jumladan tovarlar, ishlar va xizmatlarni amalga oshirishga cheklovlar o‘rnatish;
  • yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar, shuningdek boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkazishni taqiqlash yoki cheklash;
  • ommaviy axborot vositalari faoliyatini shartlari va tartibi ko‘rsatilgan holda cheklash, shuningdek, nashr mahsulotlarini, radiouzatuvchi, ovoz kuchaytiruvchi vositalar, nusxa ko‘paytirish texnikasini vaqtinchalik olib qo‘yish yoki xatlovga olish, jurnalistlarni akkreditatsiyalashning alohida tartibini belgilash.

Favqulodda holatni joriy etish holatlaridan kelib chiqib, chora-tadbirlarning butun majmui yoki ularning ayrimlari joriy etiladi.

O‘zbekiston Respublikasining butun hududida joriy etilgan favqulodda holatning butun amal qilish muddati mobaynida saylovlar va referendum o‘tkazilmaydi.

Saylangan tegishli davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va mansabdor shaxslar vakolat muddati favqulodda holat davrida tugagan taqdirda, mazkur organlar va shaxslarning vakolat muddati ushbu Qonunda belgilangan tartibda to‘xtatib turilmasa, favqulodda holat davri tugaguniga qadar uzaytiriladi.

Favqulodda holat rejimini ta’minlash uchun Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati va Favqulodda vaziyatlar vazirligining, shuningdek favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi boshqa davlat organlari va tashkilotlarining kuch va vositalaridan foydalaniladi, deyiladi hujjat loyihasida.

Huquqlar kafolati

Avariya-qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirish va ta’minlash uchun jalb etilgan shaxslarga mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq mehnatiga haq to‘lash kafolatlanadi.

Favqulodda holat joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan holatlar natijasida jabrlangan yoki bunday holatlarni bartaraf etish yoki ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar qo‘llanilishi munosabati bilan jabr ko‘rgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan shartlar va tartibda turar joylar beriladi, yetkazilgan moddiy zarar qoplanadi, ishga joylashishda ko‘mak beriladi va zarur yordam ko‘rsatiladi.

Favqulodda holatda qo‘llaniladigan O‘zbekiston Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, siyosiy partiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning, ularning mansabdor shaxslari vakolatlari, O‘zbekiston fuqarolari, chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari o‘zgarishiga (cheklanishiga) olib keladigan choralar va vaqtinchalik cheklovlar vujudga kelgan holatning keskinligi talab qiladigan chegaralar doirasida bo‘lishi shart.

Favqulodda holatda qo‘llaniladigan choralar va vaqtinchalik cheklovlar O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalariga zid bo‘lmasligi kerak. Favqulodda holatning joriy etilishi qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llashga, yashash, fikrlash, vijdon, din erkinligi huquqini har qanday cheklashga asos bo‘la olmaydi.

Favqulodda holatda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlariga cheklovlar qat’iy hisoblanadi, ularni kengaytirib talqin etishga va boshqa cheklovlar o‘rnatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Komendantlik soati qoidalarini buzgan fuqarolarni ushlab turish tartibi

Komendantlik soati qoidalarini buzgan shaxslar komendantlik soatining oxirigacha, shaxsini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lmagan shaxslar esa — ularning shaxsi aniqlangunga qadar, biroq 48 soatdan ortiq bo‘lmagan muddatga harbiy komendant yoki ichki ishlar organi boshlig‘ining qarori bilan ushlab turiladi. Belgilangan muddat sud qarori bilan o‘n sutkadan ortiq bo‘lmagan muddatgacha uzaytirilishi mumkin.

Foto: IIV YHXBB.

Ushlab turilgan shaxslar, ular bilan birga bo‘lgan narsalar va transport vositalari tekshirilishi mumkin.

Ichki ishlar organi boshlig‘ining ushlab turish to‘g‘risidagi qarori ustidan yuqori mansabdor shaxsga yoki sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.

Komendantlik soati qoidalarini buzgan shaxslarni hibsga olish
va vaqtincha ushlab turish va ular bo‘yicha chiqarilgan qarorlarning qonuniyligini nazorat qilish prokuror tomonidan amalga oshiriladi.

Favqulodda holat joriy etilgan hududda odamlar, hayvonlar va o‘simliklarning xavfli yuqumli kasalliklari tarqalish xavfi tufayli karantin joriy etilgan taqdirda, favqulodda holat rejimini buzgan, belgilangan hududda yashamaydigan va undan tashqariga chiqarib yuborilishi lozim bo‘lgan fuqarolar bunday fuqarolarni kuzatishning belgilangan muddati tugagunga qadar umumiy asoslarda ushlab turiladi.