Yanvardan sentyabrgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiyasi tomonidan 37543 ta qoidabuzarlik aniqlandi, deya xabar berdi Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Huquqbuzarlar 16,8 mlrd so‘m miqdorida jarimaga tortilgan. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori esa 15,1 mlrd so‘m deya baholanmoqda.

1457 ta ish bo‘yicha to‘plangan hujjatlar 11,7 mlrd so‘mlik jarima va zararni undirish uchun tegishli idoralarga o‘tkazilgan. Qo‘mita xabariga ko‘ra, 60 mingdan ortiq korxona va fuqarolarga sohaga oid profilaktika tadbirlari o‘tkazilgan.

22 ta holat bo‘yicha 8,8 mlrd so‘mlik da’vo ishlar yuzasidan qonunbuzarlik sodir etgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilishi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.

Huquqbuzarlardan 337 dona hayvon va parranda, 1380,4 kg baliq, 49 009 kg dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklar, 884,7 m³ o‘tin, 91 ta ov qurollari, 95 ta aslahalar, 1290 ta to‘r, 46 ta elektr qarmoq, 141 ta elektr arra, bolta va boshqa inventarlar olib qo‘yilgan, shundan 70 ta ov quroli huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilgan, 34 ta ov quroli va aslahalar, 23 ta inventarlar musodara qilingan, 17 ta ov quroli qaytarib berilgan.

Eslatib o‘tamiz, kelasi yildan boshlab fuqarolar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatni himoya qilish sohasidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risida Davlat ekologiya qo‘mitasiga fotosuratlar va videoxabarlar yuborishlari mumkin bo‘ladi. Buning uchun ularga huquqbuzardan undirilgan jarima miqdorining 15% ulushi pul mukofoti sifatida beriladi.