O‘tgan kun davomida dunyoda COVID-19 bilan kasallanganlar soni 338 mingdan ziyodroqqa oshdi, bu pandemiya boshlanganidan beri kunlik rekord ko‘rsatkich, deya xabar berdi RIA Novosti JSST saytidagi statistik ma’lumotlarga tayangan holda.

Yangi holatlarning katta qismi Shimoliy va Janubiy Amerikada (+122,7 ming), shuningdek, Yevropada (+96,9 ming) qayd etilgan.

JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, jahon miqyosida COVID-19 bilan kasallanganlar soni 36 mln dan oshgan va milliondan ortiq odam vafot etdi.

COVID-19 bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashuvi sabab Yevropaning bir qator davlatlari karantin cheklovlarini kuchaytirmoqda, deya xabar berdi Interfaks. Jumladan, Chexiyada barcha sport va madaniy inshootlarni kelasi haftadan boshlab ikki hafta muddatga yopish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Mamlakatdagi restoranlar faqat soat 20:00 gacha ishlaydi va maktablar odatiy ta’lim bilan birgalikda masofaviy ta’lim shakli bilan aralash bo‘lgan o‘qitish tizimiga o‘tadi.

Belgiya poytaxtida ham yangi choralar ko‘rilmoqda: barcha bar va pablar bir oy muddatga yopildi. Poytaxt bo‘ylab barcha oshxona, kafe, sport klublari va ziyofat zallariga cheklovlar qo‘yildi. Ammo restoranlar o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Shvetsiya sport tadbirlari va konsertlarga tashrif buyuruvchilar sonini ko‘paytirish rejalaridan voz kechishga qaror qildi. Hukumat cheklovlarni 50 dan 500 gacha oshirishni rejalashtirilayotgan edi.

Ushbu haftada Italiyada butun mamlakat bo‘ylab niqoblar taqish majburiy qilib qo‘yildi. Xuddi shunday chora shanba kuni Polshada ham kuchga kiradi.