Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bosh vazir Kubatbek Boronovning iste’fosini qabul qilish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Bu Qirg‘iziston hukumatining ham iste’foga chiqqanini anglatadi, ammo uning a’zolari yangi hukumat tuzilguniga qadar o‘z vazifalarini bajarishda davom etishadi.

Kubatbek Boronov iyun oyidan beri hukumatning texnik rahbari sifatida bosh vazir vazifasini bajarib kelayotgan edi.

Qirg‘iziston bosh vaziri lavozimiga egalik qilish bo‘yicha hozirda asosiy raqobatchilar 6 oktyabr kuni parlament deputatlari tomonidan favqulodda yig‘ilishda hukumat boshlig‘i etib saylangan, «Mekenchil» partiyasining asoschisi Sadir Japarov va «Respublika-Ata Jurt» siyosiy partiyasining sobiq rahbari va 2017 yilda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari nomzodi Omurbek Babanovlar bo‘lib qolishmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 5 oktyabr kuni minglab odamlar Bishkekda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijalariga norozilik bildirib, namoyishlarga chiqdi. Ertasi kuni Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini bekor qilishga majbur bo‘ldi. 9 oktyabr kuni Qirg‘iziston prezidenti ijro hokimiyatining qonuniy rahbarlari tasdiqlanib, mamlakat qonuniylik yo‘liga qaytishi bilanoq iste’foga chiqishga tayyorligini e’lon qildi.