7 oktyabr kuni mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi sohasidagi atoqli olim, Fanlar akademiyasi akademigi Tursunboy Rashidov 86 yoshida vafot etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev va mamlakat rahbariyatining boshqa vakillari olimning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirishdi.

Tursunboy Rashidov 1934 yil 27 mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1956 yili O‘rta Osiyo davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) tugatib, ushbu ilmiy dargoh aspiranturasida tahsil oldi. 1964 yilda nomzodlik, 1972 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1984 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi etib saylangan.

Iste’dodli olim o‘zining qariyb 65 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasining M. O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi instituti laboratoriya mudiri, direktori, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rektori, Fanlar akademiyasining hay’at a’zosi, bosh ilmiy kotibi, akademik-kotibi, vitse-prezidenti va boshqa lavozimlarda ishlagan.

Tursunboy Rashidov O‘zbekistonda murakkab tarmoqli yer osti inshootlarining seysmodinamik nazariyasi asoschisi bo‘lib, respublikamizda seysmik mustahkamlik bo‘yicha o‘z ilmiy maktabini yaratdi. Zahmatkash olim mexanika sohasida fundamental ilmiy izlanishlar olib borish va ularning natijalarini xalq xo‘jaligi tarmoqlariga tadbiq etishga bevosita rahbarlik qildi. Ayniqsa, uning rahbarligida seysmik hududlarda yer osti inshootlari uchun qurilish me’yorlari va qoidalari ishlab chiqilib, shu asosda Toshkent shahri metropolitenining yangi seysmik mustahkam konstruksiyalari yaratilgani ushbu soha rivojida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Akademik Tursunboy Rashidov Beruniy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti sovrindori, «O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi» faxriy unvoni, «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan.