Vazirlar Mahkamasining «Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy vaziyatda turizm sohasi sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash va turizm infratuzilmasini rivojlantirish to‘g‘risida» 2020 yil 6 oktyabrdagi 602-son qarori tasdiqlandi, deya xabar qildi Davlat turizm qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Hujjat asosida respublika hududlarida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash choralariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Investorlar 2023 yil 31 dekabrga qadar yangi dor yo‘llarini (dastlabki 50 ta loyiha) qurib foydalanishga topshirsa, xarajatlarining bir qismi Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplanadi. Bunda har bir 500 metr yo‘l uchun 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.

Xuddi shunday, joylashtirish bo‘yicha xizmatlar (mehmonxona xizmatlari) ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga mehmonxonaga toifa (yulduz) olish yoki oshirish uchun mehmonxonani renovatsiya, rekonstruksiya qilish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun qilingan ishlarga ajratiladi.

Mehmonxonaga toifa (yulduz) olish yoki oshirish ishlari uchun subsidiya ajratish 2021 yil 1 iyuniga qadar amalga oshirilib, Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan quyidagi miqdorda ajratiladi:

  • 3 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 5 million so‘m;
  • 4 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 10 million so‘m;
  • 5 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 15 million so‘m.

Turistik zonalar va qishloq joylari hududida qo‘mita va Qurilish vazirligining namunaviy loyihalari bo‘yicha joylashtirish vositalarini tez quriladigan konstruksiyalar (o‘tovlar, konteynerlar, sendvich panellar) bilan qurish uchun tadbirkorlik sub’ektlari xarajatlarining bir qismi bunday tipdagi joylashtirish vositalarining joylari soni 50 mingtaga yetguniga yoki 2023 yilning 31 dekabriga qadar har bir joy uchun 5 mln so‘mgacha miqdorda Davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.

Avia va temir yo‘l chiptalari xarajatlarining bir qismini qoplash bo‘yicha turoperatorlarga subsidiyalar ajratiladi. Subsidiya har bir tashkil qilingan tur uchun sotib olingan avia va temir yo‘l chiptalarining umumiy qiymatining 30% miqdorida ajratiladi.

Bundan tashqari, turoperatorlar va turagentlarga — O‘zbekiston rezidentlariga O‘zbekistonga olib kelingan va xizmat ko‘rsatilgan har bir xorijiy turist uchun, kamida besh sutka davomida respublikadagi joylashtirish vositalarida bo‘lish sharti bilan 15 AQSH dollari miqdorida subsidiya ajratiladi.

Joylashtirish xizmatlari (mehmonxona xizmatlari) uchun joylashtirish vositalariga 2021 yil 31 dekabrgacha joylashtirish xizmatlari (mehmonxona xizmatlari) narxining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Bunda, joylashtirish vositasi har bir tashrif buyuruvchi haqidagi ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan maxsus elektron dastur («E-MEHMON»)ga kiritish chog‘ida uning joylashgan nomer (joy) narxini qo‘shimcha ravishda kiritib borishi shart.

«Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED» tizimining xavfsiz ob’ektlari reyestriga kiritilgan xo‘jalik sub’ektlariga dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya hamda yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining oldini olish va darajasini pasaytirishga qaratilgan epidemiyaga qarshi kurashish profilaktik tadbirlarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan xarajatlari qoplab beriladi.

Xorijiy oshxona yoki alohida yo‘nalish bo‘yicha ixtisoslashgan tematik ovqatlanish shoxobchalari, ovqat va oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, suvenir mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha xizmatlarni tashkil etish bo‘yicha loyiha tashabbuskorlariga bitta loyiha uchun 100 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdorda grant ajratiladi, bunda grant miqdori loyiha qiymatining 30 foizidan oshmasligi belgilangan.

Gidlar (gid-tarjimon) va turoperatorlarga yangi turizm mahsulotlari va yo‘nalishlarini ishlab chiqish hamda targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan xarajatlarini qoplash uchun quyidagi hajmlardagrant ajratiladi:

  • gidlarga -ishlab chiqish uchun 5 million so‘m,
  • turoperatorlarga — turlarni reklama va sotish uchun 10 million so‘m.

Umuman, mazkur Qaror O‘zbekistonga xorijiy fuqarolarni keng jalb qilish, ularga yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratish, davlatimiz iqtisodiyotini yuqori darajaga ko‘tarishda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish bilan bir qatorda tadbirkorlikni keng rivojlantirish va buning natijasida aholini ish bilan band qilish, respublika hududlarida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investitsiyaviy jozibadorlik va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.