2021 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida 5 kishidan ko‘p bo‘lmagan o‘rindiqli (haydovchini hisobga olgan holda) yengil avtomobil transportida tashish faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berish taklif qilinmoqda. Bu Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «Yashirin iqtisodiyotni keskin qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni loyihasida ko‘zda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, o‘zini o‘zi band etuvchi shaxslar yengil avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish faoliyatini mobil ilovalar — agregatorlar orqali amalga oshirganlarida olingan daromadlarga ijtimoiy soliqni to‘lash bilan bir qatorda jismoniy shahslardan daromad solig‘i belgilangan to‘lov stavka bo‘yicha olingan daromad summasi 50 foizga kamaytirilgan holda soliq solinadi.

Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda o‘zini o‘z band qilgan shaxslar tomonidan yo‘lovchilar tashishni tashkil etish tartibini tasdiqlash topshirildi:


  • tibbiy ko‘rikdan o‘tishning qulay tartibi, transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish va transport vositalarining tashqi qiyofasi va jihozlanishiga qo‘yiladigan talablar soddalashtirilishi;
  • yo‘nalishsiz taksilarga mijozlarni topish uchun interaktiv xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashtirilgan elektron dasturiy mahsulotlarida (agregatorlar) majburiy ro‘yxatdan o‘tish;
  • kontaktsiz to‘lovlar asosida o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyati.

Loyiha muhokamasi 23 oktyabrgacha davom etadi.

Masalaning xronologiyasi

O‘zbekistonda bir necha yillardan buyon jismoniy shaxslarga taksi xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berishni rejalashtirilmoqda. 2017 yilning o‘zida sobiq moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov (hozirgi bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish ishlari bo‘yicha vazir) bu haqda gapirgan edi. Bu esa soliq yig‘ishning ko‘payishiga, qo‘shimcha zaxiralarni aniqlashga va daromadlarni qonuniylashtirishga olib keladi deb kutilgan edi.

Biroq 2018 yil yanvar oyida moliya vaziri o‘rinbosari Axadbek Haydarov davlat byudjeti parametrlari individual patentlarni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutganini ma’lum qildi, ammo murojaat va tanqidlardan so‘ng ushbu xizmatni patentlash tasdiqlangan davlat byudjetidan chiqarib tashlandi. «Ba’zi ekspertlar biz bunga hali tayyor emasligimizni ta’kidlashdi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan patentlarni joriy etishni keyinga qoldirish taklif qilindi, chunki bu holatda yo‘lovchilar va haydovchilar hayoti xavf ostida qolmoqda», — deya qo‘shimcha qildi u.

2018 yil bahorida yakka tartibdagi tadbirkorlarga taksi xizmati ko‘rsatishga ruxsat berish, shuningdek yo‘nalishli taksilarga kassa apparatlari va radioaloqa vositalarni o‘rnatish talablarini bekor qilishni nazarda tutuvchi prezident farmoni loyihasi ishlab chiqildi. Biroq ushbu takliflar davlat rahbari tomonidan imzolangan farmonning yakuniy versiyasiga kiritilmadi.

2019 yil bahorida yakka tartibdagi tadbirkorlarga taksi xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berilishi mumkinligi ma’lum bo‘lgan edi — prezident bir oy ichida tegishli takliflarni tayyorlashga ko‘rsatma berdi.

2019 yilning 1 iyulidan boshlab jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida yo‘nalishli taksilarda yo‘lovchi tashish bo‘yicha xizmat ko‘rsatishga ruxsat berish taklif qilindi. Biroq oxir-oqibat loyiha qabul qilinmadi.

O‘zbekiston bo‘ylab taksi faoliyatini qonuniylashtirish byudjetga taxminan 180 mlrd so‘m miqdorda foyda keltiradi va mamlakat YAIMini kamida 0,1 foizga oshiradi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi rais o‘rinbosari Mubin Mirzayev 2019 yil aprel oyida aytib o‘tgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilda mamlakat bo‘ylab 13 trln so‘mlik taksi xizmatlari ko‘rsatilgan. Qonunga ko‘ra, yagona soliq stavkasi bo‘yicha 5 foiz miqdorda, 650 mlrd so‘mlik soliqlar to‘lanishi kerak edi. Amalda esa 53 mlrd so‘m soliq to‘langan.