O‘zbekistonda ŠKODA brendining ilk avtomobili 2021 model yiliga mansub, ŠKODA KODIAQ to‘liq o‘lchamli yo‘ltanlamasi bo‘ladi, deya xabar qilindi Skoda Uzbekistan rasmiy Telegram-kanalida.

Yangi avtomobil ikki xil komplektatsiyada taqdim etiladi: besh o‘rindiqli Ambition va yetti o‘rindiqli Style. Mahalliy bozor uchun ushbu model sig‘imi 2,0 litrlik, quvvati 180 ot kuchiga ega bo‘lgan turbo dvigatel, yetti bosqichli robotlashtirilgan, eng so‘nggi avlod DSG qutisi, to‘liq uzatma va panorama lyuk bilan taqdim etiladi.

Dilerlik tizimi va servis ko‘rsatish jarayonlariga alohida e’tibor berish rejalashtirilgan. Shu sababli, poytaxtda ikkita ŠKODA dilerlik markazi (Sergeli Autotexxizmat va Driver’s Village) ochilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda, Qo‘qonda esa yana bir (Kokand Auto Trade) dilerlik markazining qurilish ishlari yakunlanmoqda. Ushbu avtosalonlarda avtomobil xarid qilish, kafolat va sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish xizmatlaridan foydalanishingiz mumkin.

Narxlar oktyabrda e’lon qilinadi va avtomobil qiymatining bir qismini to‘lab, oldindan buyurtma berish mumkin bo‘ladi. Dastlabki avtomobillarning yetkazib berilishi joriy yilning noyabr oyida amalga oshirilishi rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzakh Auto (Volkswagen Uzbekistan) kompaniyasi Volkswagen Caddy tijoriy avtomobillarini sotishni boshlagan edi.

Kompaniyaning «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, Škoda Kodiaq Rossiyaning Kaluga shahridagi «Grabsevo» texnoparkida joylashgan Volkswagen Group Rus zavodidan yetkazib beriladi.

Rossiyada avtomobil narxi komplektatsiyasiga qarab 21,5 mingdan 41,3 ming dollargacha o‘zgarib turadi.

Prezident qaroriga ko‘ra, birinchi bosqichda — 2020−2021 yillarda Volkswagen va Škoda avtomobillarini tayyor holda olib kirish rejalashtirilgan. Farg‘ona, Toshkent va Jizzaxda dillerlik va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari ishga tushiriladi. Ikkinchi bosqichga ko‘ra, 2022 yildan boshlab to‘liq ishlab chiqarish sikli tashkil qilinadi va investitsiyalar hajmi, avtomobil eksporti masalalari ham hal qilinadi.

21 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Volkswagen, Škoda va Isuzu avtomobillari bilan tanishdi. Ular oraisda Kodiaq ham bor edi.