Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining xabar berishicha, so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda virusga qarshi «Remdesivir» preparati va grippga qarshi «Influvak» vaksinasining o‘tkir taqchilligi kuzatilmoqda. Ushbu dorilar narxlarining o‘sishi mos ravishda 1,8 million va 250 ming so‘mni tashkil etdi.

Agentlik dori vositalari va tibbiy buyumlarni sotadigan ulgurji va chakana savdo tashkilotlari tomonidan narxlarni davlat tomonidan tartibga solish tartibiga rioya etilishi ustidan tizimli nazoratni amalga oshiradi. Gap savdo ustamalari haqida ketmoqda. Shunday qilib, dorixonalar dori-darmonlarga ulgurji narxining 20 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ustama qo‘shishi mumkin. Ulgurji savdo korxonalari, o‘z navbatida, asosiy, ya’ni O‘zbekistonga olib kirilgan yoki ishlab chiqarilgan narxning 15 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ustama belgilash huquqiga ega.

Foto: Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi.

Joriy yilning to‘qqiz oyida 11 ta importyor COVID-19 ni davolashda ishlatiladigan 56109 qadoq «Remdesivir» virusga qarshi preparatini mamlakatga olib keldi. Tovarlarning umumiy qiymati 2 million dollardan oshdi.

Agentlikning hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu preparatning minimal chakana narxi 457 ming so‘m, maksimal qiymati — 3,83 million so‘m bo‘lishi kerak. O‘rtacha chakana narxi — 1,066 million so‘m.

«Ushbu farq mahalliy importchilarning deklaratsiya qilgan narxlarning xilma-xilligi hamda ishlab chiqaruvchi davlatga bog‘liq», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Pharmhealth MCHJ QK tomonidan Gruziyada ishlab chiqarilgan «Remdesivir» preparatining 1 qadog‘i eng yuqori — 270 dollardan import qilinan. Eng past narx esa Serene Pharma MCHJ tomonidan Hindistondan import qilingan — «Remdak» preparatining 1 qadog‘i 45 dollardan baholangan.

Foto: Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi.

Xuddi shu davrda ikkita importyor grippga qarshi «Influvak» (Niderlandiya) vaksinasini 155490 qadoqda jami 800 ming dollarga olib kirdi.

Grippga qarshi vaksinaning eng kam chakana narxi 69 ming so‘m, eng yuqorisi esa 102 ming so‘mdan oshmasligi kerak. O‘rtacha chakana narx — 86 ming so‘m.

Agentlik dori-darmonlarning maksimal chakana narxlarini hisoblashni davom ettiradi, ulgurji omborlarda dori vositalarining qoldiqlarini va ularni kelgusida yetkazib berish prognozlarini o‘rganadi, shuningdek narxning oshishiga qarshi choralar ko‘radi.

Agentlik tomonidan dorixonalar tomonidan litsenziyalash talablari va shartlarining muntazam ravishda (bir yil ichida ikki yoki undan ortiq marta) buzilishi, shu jumladan dori-darmonlarga narx belgilash tartibi qo‘pol qoidabuzarliklar ekanini va litsenziyani bekor qilish uchun asos bo‘lishi mumkinligi haqida tadbirkorlar eslatib o‘tdi.

Iste’molchilar dori vositalari haddan tashqari yuqori narxlarda sotilganda agentlikka xabar berishlari tavsiya qilinadi. Ishonch telefoni 1159, Yagona agentlik raqami +998 71−207−46−00.