Qirg‘iziston Milliy banki qaroriga ko‘ra 7 oktyabrdan boshlab mamlakatda chegaralararo to‘lovlarni amalga oshirishga imkon beruvchi (respublikadan tashqariga) xalqaro to‘lov tizimlari to‘xtatib qo‘yildi.

«Mamlakatdan kapital chiqib ketishining oldini olish uchun SWIFT chegaralararo to‘lovlarni amalga oshirish tizimi ham o‘chirib qo‘yilgan», — deyiladi Qirg‘iziston milliy bankining Facebook sahifasida.

Ushbu chora-tadbirlar moliya-bank sektori xavfsizligi va moliya-kredit tashkilotlari aktivlari xavfsizligini ta’minlash uchun qabul qilingan. Shu sababli, 6 oktyabrdan boshlab Milliy bank moliya-kredit tashkilotlariga o‘z faoliyatini to‘xtatib turish va xavfsizlik choralarini kuchaytirishni tavsiya qildi.

Moliyaviy xizmatlar onlayn xizmatlar (telefon, elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar) orqali xizmat ko‘rsatishda davom etmoqda. Jumladan, «Elkart» milliy to‘lov tizimi orqali naqd pul shaklida bo‘lmagan to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

8 oktyabrdan boshlab Milliy bank moliya tashkilotlariga ish haqi, pensiya, nafaqalarni o‘z vaqtida olish, shuningdek aholini naqd pul bilan ta’minlash uchun sharoit yaratish maqsadida ish vaqtini soat 09:00 dan 15:00 gacha qilib belgilashni tavsiya qildi.

«Mamlakat ichida naqd pul bo‘lmagan shakldagi to‘lovlar va o‘tkazmalarning uzluksizligi va xavfsizligini, onlayn xizmatlar va bankomatlar, POS-terminallar va to‘lov terminallari ishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘riladi», — deyiladi bank bayonotida.

Hisobotda aytilishicha, Milliy bank vaziyatni kuzatib boradi, holat barqarorlashishi bilan bank tizimi normal ish faoliyatiga qaytadi.

Eslatib o‘tamiz, 5 oktyabr kuni Bishkekda parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan fuqarolar namoyishi bo‘lib o‘tdi. Tinch boshlangan namoyishlar keyinroq huquq-tartibot organlari bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Natijada bir kishi halok bo‘ldi, 686 kishi jarohatlandi. Keyinchalik, Markaziy saylov komissiyasi ovoz berish natijalarini bekor qildi.