4 oktyabr kuni Samarqanddagi xonadonlardan birida tovuq go‘shtidan tayyorlangan sixli kabobdan 10 nafar oila a’zosi va shu xonadonda qurilish olib borayotgan 5 nafar ishchi zaharlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, tovuq go‘shti iste’molidan 3 soat o‘tib, ularda bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynish, qayd qilish, xansirash, havo yetishmasligi kabi klinik belgilar qayd etilib, birozdan so‘ng o‘zlarini yomon his qilishgach, tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilishgan.

Shundan so‘ng Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazining Samarqand viloyati filialiga murojaat qilgan 15 nafar fuqaroga «metgemoglobin hosil qiluvchi birikmalardan zaharlanish» tashxisi qo‘yilgan va malakali tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Epidemiologik surishtiruvlar va zarur profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan.

Kasallik qayd etilgan xonadonda o‘tkazilgan tekshiruv davomida iste’mol qilingan mahsulotlardan laboratoriya tahliliga namunalar olingan. Natijada ovqatda ishlatilgan tuz mahsuloti xonadon egasi tomonidan olib kelinib, alohida selofan idishda saqlangan natriy nitrat moddasi ekanligi tasdiqlagan.

O‘tkazilgan davo muolajlaridan so‘ng klinik belgilar yo‘qolgan, bemorlarning ahvoli yaxshilangan va uylariga javob berilgan.

Vazirlikning qayd etishicha, so‘nggi vaqtlarda aholi o‘rtasida ba’zi holatlarda kimyoviy moddalardan, sifati kafolatlanmagan konservalar, marinatlar, oziq-ovqat va spirtli ichimliklardan turli ko‘rinishdagi zaharlanish holatlari qayd etilib turibdi. Bunga ruxsat etilmagan kimyoviy moddalardan uy sharoitida foydalanish, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va ovqatlanish tartibiga rioya qilmaslik asosiy sabab bo‘lmoqda.