Kanadaning Condor Petroleum neft va gaz kompaniyasi 2021−2024 yillar oralig‘ida Buxoro viloyatidagi gaz konlari ekspluatatsiyasi uchun 1 mlrd dollardan ortiq miqdorda investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.

Ushbu masala O‘zbekistonning Kanadadagi elchisi Javlon Vahobov Condor Petroleum Inc kompaniyasi direktori va kengash raisi Dennis Balderston hamda kompaniya prezidenti Don Streum bilan bo‘lib o‘tgan onlayn-muzokaralarda muhokama qilindi.

Kompaniya prezidenti kamida beshta mavjud gaz konida faoliyat olib borishga tayyorligini bildirdi. Loyiha davomida Condor Petroleum rahbarlari mavjud konlardan gazni qazib olishni ikki baravar ko‘paytirishni rejalashtirmoqda.

Condor Petroleum 1994 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u Markaziy Osiyo, Shimoliy va Janubiy Amerika, Indoneziya, Liviya, Angola, Turkiyada faoliyat olib boradi. Kompaniya Markaziy Osiyo mintaqasida eng yirik va texnik jihatdan ilg‘or seysmik ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash 3D dasturiga ega. Mazkur mukammal dastur qidiruv ishlari olib borish uchun umumiy salohiyati 1,5 milliard barreldan ortiq bo‘lgan 79 ta istiqbolli neft qazib olish ob’ektini aniqlashga imkon berdi, deyiladi «Dunyo» xabarida.