O‘zbekistonda Kasb va lavozimlar klassifikatorida oliy ma’lumot talab qiladigan mutaxassisliklar va lavozimlarni qisqartirish rejalashtirilmoqda. Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar qilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev payshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga ushbu topshiriqni berdi.

Kasb va lavozimlar klassifikatori bugungi zamon va mehnat bozori talablariga mos kelmaydi, deya qayd etdi prezident. Misol uchun, unda 2 ming 484 ta, ya’ni 70 foiz xizmatchi lavozimi bo‘yicha oliy ma’lumot talab etiladi. Xususan, ma’lumotlar bazasi bilan ishlaydigan mutaxassis, veb dizayner kabi ixtisosliklarga oliy malaka talabi qo‘yilgan. Ushbu kasblarni IT-markazlarda yarim yilda yaxshi o‘rganish mumkin.

Kutubxonachi, tarjimon, bank agenti, reklama mutaxassisi kabi ko‘plab vazifalarga ham oliy ma’lumot talabi qo‘yilgan. Mehnat bozorida bunday kasblar bo‘yicha 4 mingga yaqin vakansiya mavjud.