AQSH hukumati yuqori malakali mutaxassislarga immigratsiya uchun mo‘ljallanmagan H-1B mehnat vizalarini berishni murakkablashtirishga qaror qildi, deya xabar berdi RBK mamlakat Ichki xavfsizlik vazirligi ma’lumotlariga tayangan holda.

Federal reyestrda e’lon qilinganidan 60 kun o‘tgach, yangi qoidalar kuchga kiradi va xorijlik ishchilarni yollash uchun «maxsus kasblar» soni kamaytiriladi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHda amerikalik ishchilarni almashtirish uchun 500 mingdan ortiq immigratsiya uchun mo‘ljallanmagan vizalar ishlatilgan. Bu esa bir qator sohalar va ba’zi kasblarda oylik maoshlar miqdorining pasayishiga olib keldi.

H-1B vizasi ish beruvchilarga o‘z ish kuchidagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga va global iqtisodiyotda raqobatbardosh bo‘lib qolishga sharoit yaratish uchun ishlab chiqilgan edi. Ammo hozirda ushbu viza turi ancha keng tarqalib, ko‘p hollarda AQSH ishchilariga zarar keltirmoqda, deyiladi agentlik bayonotida.

«H-1B vizalarini rasmiylashtirish bo‘yicha so‘nggi harakatlar Tramp ma’muriyatining amerikalik ishchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borayotgan keng miqyosli maqsadining bir qismidir», — deyiladi agentlik bayonotida.

AQSH prezidenti Donald Tramp iyun oyida mehnat vizalarini berishga cheklovlar qo‘ydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz tufayli bir qator vaqtinchalik mehnat vizalari amerikaliklarning ish faoltiyati uchun «favqulodda xavf tug‘diradi».

Shu munosabat bilan AQSH prezidenti yil oxirigacha quyidagi toifadagi vizalarni to‘xtatib turishni buyurdi:

  • xorijlik malakali ishchilarga AQSHda asosan texnologiya sohasi bo‘yicha ishlashga imkon beruvchi H-1B vizalari;
  • H-1B egalarining oila a’zolari uchun mo‘ljallangan H-4 vizalari;
  • mavsumiy ishlar uchun H-2 vizalari;
  • ish boshqaruvchilar, menejerlar va mutaxassislar uchun kompaniya doirasida xizmatni ko‘chirish uchun mo‘ljallangan L-1 vizalari; ular shuningdek, chet el kompaniyasidan vaqtincha ishlash uchun AQSHdagi filialga yoki sho‘’ba korxonasiga o‘tishga imkon beradi;
  • madaniy va kasbiy almashinuv dasturlari ishtirokchilari uchun mo‘ljallangan J-1 turdagi vizalar.

Oktyabr oyida San-Fransisko sudi prezidentning ushbu farmonini qisman to‘xtatib qo‘ydi.