2020/2021 o‘quv yiliga respublika oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga kirish imtihonlari natijalari tegishli oliy ta’lim muassasalarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi, deya xabar qildi AOKA matbuot xizmati.

Respublika oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga abituriyent sifatida hujjat topshirib, kirish imtihonlarida (onlayn test sinovlarida) ishtirok etgan abituriyentlar o‘zlarining natijalari bilan tegishli oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb sayti orqali joriy yilning 7 oktyabr kuni soat 17:00 dan boshlab tanishishlari mumkin.

️Talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlardan tegishli oliy ta’lim muassasalariga murojaat qilishlari so‘raladi.

Eslatib o‘tamiz, respublika oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga kirish imtihonlari 8−20 sentyabr kunlari test sinovi tarzida kompyuterda onlayn shaklda o‘tkazildi.

2020/2021 o‘quv yilining magistratura bosqichiga respublika bo‘yicha jami 10425 nafar talaba qabul qilinishi belgilangan. Shundan 5475 nafari grant, 4950 nafari to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishi belgilangan.