Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol qatnashayotgan fuqarolarni rag‘batlantirish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Hujjatda qayd etilishicha, vazirlik tomonidan aprel oyida ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan. Yangi tahrirda quyidagi tushunchalarni o‘z ichiga olgan:

ko‘chaboshi — fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘chalarning geografik joylashuviga qarab, aholining umumiy yig‘ilishida saylangan va ular nomidan fuqarolar yig‘inida faoliyat olib boradigan, ularning qonuniy manfaatlarini ifoda etadigan fuqaro;

uyboshi — fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘p kvartirali uylarning geografik joylashuviga qarab, aholining umumiy yig‘ilishida saylangan va ular nomidan fuqarolar yig‘inida faoliyat olib boradigan, ularning qonuniy manfaatlarini ifoda etadigan fuqaro.

Qaror loyihasida 2021 yilning 1 yanvardan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol qatnashayotgan ko‘chaboshi va uyboshilarni rag‘batlantirish tariqasida ularga kommunal xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida (111500 so‘m) har oyda kompensatsiya pul to‘lovlari (mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan) to‘lab berish taklif qilinmoqda.

Ko‘chaboshi va uyboshilar faoliyatining samaradorligi quyidagi asosiy ko‘rsatkichlar dinamikasini tahlil qilish orqali baholanadi:

  • fuqarolar yig‘ini bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yganligi;
  • uy-joy mulkdorlarining uydan samarali foydalanish borasidagi faol ishtirokini ta’minlaganligi;
  • uy-joy mulkdorlari tomonidan kommunal va foydalanish tulovlarining o‘z vaqtida to‘lanishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatganligi;
  • belgilangan tartibda ko‘cha va uy daftarlarini yuritib borganligi;
  • biriktirilgan ko‘cha yoki uyda aholi xavfsizlinini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash yuzasidan tegishli tadbirlarni belgilashda hudud profilaktika inspektori bilan uzviy aloqa o‘rnatilganligi;
  • biriktirilgan ko‘cha yoki uyda va uning atrofida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish, bu borada hasharlar, shanbaliklar kabi jamoat tadbirlarini tashkil etish va mazkur tadbirlarning o‘tkazilishida faol ishtirok etganligi;
  • noqonuniy qurilishlarni, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan hududlarni aniqlash hamda tegishli mutasaddi idoralarga xabar berishishdagi faolligi;
  • aholi o‘rtasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, keng ko‘lamli isloxotlarning mohiyati, qabul qilingan qonun hujjatlari va davlat dasturlari ahamiyatining targ‘ibot va tashviqotini tashkil qilganligi.

Bundan tashqari, ko‘chaboshi va uyboshilar faoliyatining samaradorligi har chorakda shahar (tuman) Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan baholanadi. O‘z navbatida, mahalla raisi kompensatsiya to‘lanishi haqidagi taklifni vazirlikka taqdim etishi kerak.

Qaror loyihasi muhokamalari 21 oktyabrga qadar davom etadi.