Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan global iqtisodiy tanazzulga qaramasdan, O‘zbekiston 2020 yilda iqtisodiy o‘sishni namoyish etadigan Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi ikkita davlatdan biri bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda Jahon banki mintaqaviy iqtisodiy tahlilining bugun e’lon qilingan nashrida aytilgan.

Jahon bankining ta’kidlashicha, koronavirus (COVID-19) pandemiyasi Sovet Ittifoqi parchalanishidan so‘ng tiklangan O‘zbekiston iqtisodiyoti duch kelgan eng og‘ir inqiroz bo‘ldi. Bu holat mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi va fuqarolarning bandligi, farovonligi va daromadlarining pasayishiga olib keldi.

2020 yilning birinchi yarmida YAIM o‘sishi deyarli nolga teng bo‘ldi, 2019 yilning birinchi yarmida esa bu ko‘rsatkich 5,8 foizni tashkil etgan edi. Shu davrda asosiy kapitalga investitsiyalar 12,8 foizga kamaydi. Ishsizlik darajasi 2020 yilning birinchi choragidagi 9,4 foizdan ikkinchi chorakda 15 foizgacha keskin ko‘tarildi.

«Bozor islohotlari iqtisodiyotda resurslardan yanada samarali foydalanish va xususiy sektorni rivojlantirish uchun rag‘batlantirishni kuchaytirgani sababli O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha prognozlar ijobiy bo‘lib qolmoqda. 2020 yil uchinchi choragida karantinning bekor qilinishi, qishloq xo‘jaligida barqaror ishlab chiqarish va pul o‘tkazmalarining qisman tiklanishi 2020 yilning ikkinchi yarmida birinchi yarim yilga nisbatan kuchliroq iqtisodiy faollikka olib keladi», — deyiladi bayonotda.

YAIMning yillik o‘sishi bu yil 0,4% dan 0,8% gacha, bo‘lishi kutilmoqda. Bu 2019 yilgi ko‘rsatkich — 5,6% ga nisbatan sezilarli darajada past. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Tojikiston 2020 yilda YAIMning ijobiy o‘sishini kutayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi 23 davlat orasida yagona davlatlarga aylanishadi (1-jadval). Mamlakat bo‘ylab karantin qayta kiritilmasa, 2021 yilda O‘zbekiston YAIM o‘sishi 4,8% dan 5,0% gacha bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Jahon bankining tahlillariga ko‘ra, O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarishning ko‘payishi va qishloq xo‘jaligidagi o‘sish sanoat va xizmatlar sohasidagi keskin pasayishni bartaraf etishga yordam berdi. Birinchi yarim yillikda pul o‘tkazmalari 19 foizga kamayganiga qaramay, ijtimoiy transfertlarning 17 foizga ko‘payishi va 2020 yil fevralidan eng kam ish haqining 10 foizga o‘sishi xususiy iste’molni saqlab qolishga yordam berdi.

Pul o‘tkazmalarining qisqarishi va tashqi savdo defitsitining kengayishi to‘lov balansi joriy hisobining defitsitini 2020 yilning birinchi yarmida YAIMning 7,7 foiziga yetkazdi. Jahon ta’minot zanjiridagi uzilishlar va yirik mahsulotlar narxlarining pasayishi tufayli shu davrda eksport 22,6 foizga kamaydi (tabiiy gaz, metallar). Chet davlatlarda olib kelinadigan mashina, uskunalar va yarim tayyor mahsulotlar hajmining keskin pasayishi tufayli import 15 foizga kamaydi.

Davlat byudjetiga tushumlarning kam yig‘ilishi va inqirozga qarshi katta xarajatlar 2020 yil birinchi yarmida byudjet kamomadi YAIMning 5% gacha o‘sishiga olib keldi. Yalpi ichki mahsulotning 2,5%i sog‘liqni saqlash sohasiga qo‘shimcha xarajatlar, kam ta’minlanganlar uchun pul o‘tkazmalarining ko‘paytirilishi, jamoat ishlarining kengayishi va korxonalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirildi. Oltin eksportining ko‘payishi natijasida tushumning kuchli o‘sishiga qaramay, zaif iqtisodiy sharoitlar va soliqlarni kechiktirish natijasida YAIM ulushi sifatida hisoblanadigan davlat daromadlarining yiliga ikki foizga pasayishi kuzatildi.

«Pandemiya natijasida yuzaga kelgan inqiroz O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sishini 2020 yilda deyarli to‘xtatib qo‘ydi va yigirma yildan ko‘proq vaqt ichida birinchi marta qashshoqlik darajasini oshirdi. Pandemiyaning iqtisodiy, ijtimoiy va aholi sog‘lig‘iga ta’sirini yumshatish uchun hukumat bir qator inqirozga qarshi choralar ko‘rdi. Mavjud sinovlar va qiyinchiliklarga qaramay, iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlariga erishish va fuqarolarning turmush farovonligini oshirish maqsadida mamlakat rahbariyati iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida islohotlarni davom ettirishni qat’iy niyat qilganligini tasdiqladi. Pandemiya tugagandan so‘ng, iqtisodiy tiklanishni ta’minlash va uni yanada barqaror va inklyuziv qilish juda muhimdir», — dedi Marko Mantovanelli, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari.

O‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya sekinlashadi, ammo narxlarni yanada isloh qilish natijasida yuqori darajada saqlanib qoladi. Pul o‘tkazmalarining tiklanishi va savdo defitsitining pasayishi tufayli to‘lov balansining joriy hisobot defitsiti 2020 yilda YAIMning 6% atrofida bo‘lishi kutilmoqda. O‘rta muddatli istiqbolda u taxminan bir xil bo‘lib qoladi, chunki pandemiya tugagandan so‘ng mashinalar, uskunalar va yarim tayyor mahsulotlar importining o‘sishi tiklanadi. Ushbu defitsitni davlat qarzlarini ko‘paytirish va chet el investitsiyalarining bosqichma-bosqich ko‘payishi hisobiga moliyalashtirish kutilmoqda.

2020 yilda YAIMning 7,5% miqdorida prognoz qilinadigan davlat byudjeti taqchilligi inqirozga qarshi xarajatlarni bosqichma-bosqich qisqartirish va davlat byudjetiga tushumlarni ko‘paytirish oqibatida 2021−22 yillarda kamayadi. O‘rta muddatli istiqbolda davlat byudjeti taqchilligining kamayishi prognoz qilinmoqda.

2020 yilda va keyingi o‘rta muddatli istiqbolda defitsit asosan tashqi qarzlarni ko‘paytirish hisobiga moliyalashtiriladi. 2020 yilda tashqi davlat qarzi YAIMning 34,7 foizigacha ko‘tarilishi taxmin qilinmoqda. Garchi u 2017 yildan beri YAIMga nisbatan foizda ko‘paygan bo‘lsada, o‘rta muddatli istiqbolda barqarorlashishi kutilmoqda.