Qashqadaryo viloyatida Nexia avtomashinasi ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi oqibatida uch kishi vafot etdi, deya xabar berdi IIV huzuridagi Tergov departamenti.

5 oktyabr kuni soat taxminan 17:00da 33 yoshli A.S. Nexia avtomobilid 4R-89 raqamli «Qarshi — Nishon — Talimarjon» yo‘lida harakatlanayotganida, boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning o‘ng tomoniga chiqib ketib, ag‘darilib ketgan.

Oqibatda, avtomashina yo‘lovchisi 54 yoshli M.O. olgan tan jarohati natijasida hodisa joyida vafot etgan, yo‘lovchilar 58 yoshli B.X. va 54 yoshli A.E. og‘ir tan jarohati bilan RSHTYOIM Qashqadaryo filialining «Jonlantirish» bo‘limiga yotqizilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalariga qaramasdan, shu kuni vafot etishgan.

Mazkur holat yuzasidan Qarshi tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-kismi «a» bandi bilan (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ushbu jinoyat ishi Qashqadaryo viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.