O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘iz Respublikasidagi vaziyat yuzasidan bayonot berdi.

«Qirg‘iz Respublikasida yuzaga kelgan keskin vaziyat va voqealar rivoji O‘zbekiston Respublikasida jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. O‘zbekiston yaqin qo‘shni va strategik sherik sifatida qardosh Qirg‘izistondagi vaziyatning mamlakat Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi normalariga muvofiq tez orada barqarorlashuviga umid qiladi», — deyiladi bayonotda.

Qirg‘izistonning barqarorligi va mustahkam rivojlanishi butun Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsizligi va farovonligining muhim omili hisoblanadi, deya ta’kidlagan TIV hozirgi murakkab vaziyatda O‘zbekiston ko‘p asrlik tarixiy va qarindoshlik rishtalari, umumiy madaniy hamda ma’naviy qadriyatlar bilan mustahkam bog‘langan birodar Qirg‘iziston xalqiga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini qo‘shimcha qildi.

5 oktyabr kuni Bishkekda parlament saylovlari natijalariga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. To‘qnashuvga aylangan namoyishlarda 686 kishi jarohat oldi, bir kishi halok bo‘ldi. Namoyishchilar parlament va prezident ma’muriyati joylashgan Oq uyni egallab olishdi. Keyinchalik MSK ovoz berish natijalarini bekor qildi.