Qirg‘iziston Saylov va referendumlar bo‘yicha Markaziy komissiya 6 oktyabr kuni 4 oktyabrda bo‘lib o‘tgan Jogorku keneshga saylovlaridagi ovoz berish natijalarini bekor qildi. Bu haqda MSK e’loniga tayanib AKIpress agentligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, mazkur qaror MSK a’zolari yig‘ilishida qabul qilingan. MSK a’zosi Qayrat Osmonaliyev agentlikka izoh berar ekan, qaror mamlakatdagi siyosiy vaziyatni hisobga olgan holda qabul qilinayotganini ta’kidladi.

Avvalroq mamlakatning minglab aholisi bir kun oldin bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijalaridan noroziligi sababli namoyishlarga chiqqani haqida xabar bergan edik.

Keyinroq namoyishchilar parlament va prezident ma’muriyati joylashgan Oq uyga bostirib kirib, uni egallab olishdi. Namoyishchilar Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga borishdi. Xavfsizlik xizmati xodimlari bilan muzokaralardan so‘ng ular sobiq prezident Almazbek Atambayevni o‘tgan yozdan beri hibsda bo‘lgan MXDQ qamoqxonasidan ozod qilishdi. Atambayev davrida hukumatni boshqargan sobiq bosh vazir Sapar Isakov ham koloniyadan ozod qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 4 oktyabrda Qirg‘izistonda Jogorku Kenesh deputatlari saylovi bo‘lib o‘tdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rinlar uchun kurashgan 16 partiyadan atigi 4 tasi parlamentga kira oldi. Aholining saylovda ishtirok etish ko‘rsatkichi 56,2 foizni tashkil etdi.