5 oktyabr kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasida Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzidagi sayyormajlisi bo‘lib o‘tdi. Parlament yuqori palatasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, majlisda «Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports, «O‘zbekiston temir yo‘llari» hamda «O‘zmetkombinat» aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan ijro etilishi holati muhokama qilindi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, ichki bozorda raqobatning mavjud emasligi sababli «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ xizmatlar sifatini oshirish va moslashuvchan tarif siyosatini qo‘llashdan manfaatdor emas.

2010 yildan beri aviakompaniya parvozlar sonini atigi 15 foizga oshirdi. Samolyotlarning ozligi kompaniyaning yangi yo‘nalishlarni ishlab chiqish, parvozlarni ko‘paytirish va samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini cheklaydi. Parvozlar toifasini tanlashning murakkab tizimi ham iste’molchilar tomonidan sotib olinadigan xizmatlar to‘g‘risida salbiy tasavvurlarning shakllanishiga olib kelmoqda.

Shuningdek, Uzbekistan Airways tizimida yuk tashishni rivojlantirish qo‘shimcha daromad manbai sifatida qaralmasligi aytildi. Ko‘rsatilayotgan xizmatlarning atigi 0,03 foizi yuk tashishga to‘g‘ri keladi, bu 35 foizlik jahon standartlaridan ancha past va salohiyatdan yetarli darajada foydalanilmayotganini tasdiqlaydi.

Aeroportlarning ixtisoslashtirilgan uskunalar bilan yomon jihozlanishi samolyotlarni sifatli qabul qilish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish darajasining pasayishiga olib kelmoqda. Natijada, aeroportlarning sherik maqomidagi jozibadorligi yomonlashmoqda, deb ta’kidladi yig‘ilish qatnashchilari.

Yig‘ilishda Monopoliyaga qarshi qo‘mita Uzbekistan Airports tizimidagi aeroportlar tabiiy monopoliyaning sub’ektlari sifatida davlat reyestriga kiritilganini ta’kidladi. Eslatib o‘tamiz, kompaniya «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK tarkibiga kiruvchi 14 ta davlat unitar korxonasi negizida tashkil etilgan edi.

Joriy yil fevralida Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports kompaniyalari 2020 yil O‘zbekiston aviatsiya sohasida tub burilish yili bo‘lishini ma’lum qilgan edi. Uzbekistan Airports, Aviation & Logistics Forum Xalqaro aviaforumi vaqtida transport vaziri Elyor G‘aniyev (joriy yil avgustida lavozimini tark etdi) endilikda bozorda Uzbekistan Airways dagi kabi monopoliya bo‘lmasligini ta’kidlagan edi.