Bishkek markazidagi norozilik namoyishlarida bir kishi halok bo‘ldi va 590 kishi jarohat oldi, deya xabar berdi RIA Novosti Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib.

Mamlakatning minglab aholisi bir kun oldin Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lib mitingga chiqdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 16 ishtirokchi partiyadan Jogorku Keneshga atigi 4 tasi o‘rinlarga ega bo‘lgan, shulardan 2 tasi hukumatni qo‘llab-quvvatlagan. Saylovlarda ko‘plab qonunbuzarliklar, shu jumladan ovozlarni sotib olish holatlari qayd etildi. Boy bergan partiyalar vakillari ovoz berish natijalarini tan olishdan bosh tortib, MSKni ularni bekor qilishga chaqirdilar.

Tinch boshlangan harakatlar kechki paytga kelib huquq-tartibot xodimlari bilan to‘qnashuvga aylandi. Xavfsizlik kuchlari yuqori tovushli granata, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalangan. Namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashuvga tayyorgarlik ko‘rish uchun yo‘lakka yotqizilgan toshlarni ko‘tarib olishgan va ko‘chalarni axlat qutilari bilan to‘sib qo‘yishgan.

Keyinroq namoyishchilar parlament va prezident ma’muriyati joylashgan Oq uyga bostirib kirib, uni egallab olishdi. Namoyishchilar Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga borishdi. Xavfsizlik xizmati xodimlari bilan muzokaralardan so‘ng ular sobiq prezident Almazbek Atambayevni o‘tgan yozdan beri hibsda bo‘lgan MXDQ qamoqxonasidan ozod qilishdi. Atambayev davrida hukumatni boshqargan sobiq bosh vazir Sapar Isakov ham koloniyadan ozod qilindi.

«Gazeta.uz»ning Bishkekdagi manbalari dushanba kuni Internet va mobil aloqadan uzilishlar yuz bergani haqida xabar berishgan edi. Keyinchalik, uyali aloqa xizmati qayta tiklangan.

Tartibsizliklar oqibatida Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov 6 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida ishtirok etgan barcha 16 partiya rahbarlari bilan uchrashishini ma’lum qildi.

Davlat rahbari matbuot kotibi Tolg‘onay Stamaliyevaning ta’kidlashicha, prezident hozirda Bishkekda bo‘lib, mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlarni aql bilan ish ko‘rishga chaqirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, mavjud vaziyatni hisobga olgan holda, Sooronbay Jeenbekov MSKga qonun buzilishi bilan bog‘liq materiallarni o‘rganib chiqishni, hatto parlament saylovlari natijalarini bekor qilish kabi imkoniyatlarni ko‘rib chiqishni tavsiya qildi.

24.kg axborot agentligi seshanba kuni ertalab namoyishchilar poytaxt hokimligi binosini egallab olishgani haqida xabar berdi. Bu bilan parallel ravishda, O‘shda Sooronbay Jeenbekovni qo‘llab-quvvatlovchi miting boshlandi.