Jogorku Kenesh (Qirg‘iziston parlamenti) spikeri Dastan Jumabekov iste’foga chiqdi. Bu haqda 6 oktyabr kuni Bishkekning «Dostuk» mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan parlamentning navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum bo‘ldi, deb xabar berdi AKIpress axborot agentligi.

Jogorku Kenesh Konstitutsiyaviy qo‘mitasi parlament spikeri lavozimiga Miktibek Abdildayev nomzodini tasdiqladi.

«Qiyin davr keldi. Men bo‘lajak saylovlarning hech birida qatnashmayman. Men o‘z burchimni bajarishni istayman», — deya Abdildayevning so‘zlaridan iqtibos keltiradi agentlik.

Bundan tashqari, bosh vazir Kubatbek Boronov ham iste’foga chiqdi. Sadir Japarov hukumatning yangi rahbari bo‘ldi, uning nomzodi parlament tomonidan ma’qullandi. Bir kun oldin namoyishchilar uni qamoqdan ozod qilgan edi.

Sadir Japarov ikki marta Qirg‘iziston parlamentiga saylangan, shuningdek, 4 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida mag‘lub bo‘lgan «Mekenchil» partiyasining asoschisi. Kloop ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda sud Japarovni 2013 yilda Qorako‘l shahri va Saruu qishlog‘idagi «Qumtor» oltin konini milliylashtirish uchun mitingni moliyalashtirishda aybdor deb topgan edi. Sud o‘shanda Japarov namoyishchilarni nazorat qilgan va ularga o‘sha paytdagi Issiqko‘l gubernatori Emilbek Kaptagayevni garovga olish to‘g‘risida buyruq bergan deb hisoblagan. U 11,5 yilga qattiq tartibli koloniyada ozodlikdan mahrum etildi. Keyinchalik Oliy sud ushbu muddatni bir yarim yilga qisqartirdi.

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov BBC radiosining qirg‘iz xizmatiga intervyu berdi (AKIpressdan tarjima qilingan).

«Yana bir bor takrorlayman: men buni hokimiyatni noqonuniy bosib olish deb hisoblayman. Kechagi voqealar ko‘rsatib turibdiki, miting va norozilik aksiyasiga borganlarning maqsadi nafaqat saylov natijalarini bekor qilish, balki mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishdir. Bu ko‘rinib turibdi. Bugun oxir-oqibat hammasi menga lavozimni tark etishimga qaratilgani aniq bo‘ldi. Hammamiz ko‘rib turganimizdek, ular nafaqat saylov natijalariga qarshi chiqishmoqda… Ertalab biz mamlakatda ikki marta sodir bo‘lgan voqeani boshdan kechiramiz. Biz bunga yana qaytdik. Men barcha tomonlarni buni to‘xtatishga chaqiraman», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, parlament saylovlari natijalarini oldindan aytib bo‘lmasdi. «Chunki, ko‘rib turganingizdek, poraxo‘rlik… Kuzatuvchilar bilan uchrashganimda menga ovozlar sotib olingani haqida aytishdi. Bunday masala borligiga qo‘shilaman. YeXHT kuzatuvchisi menga bunday qisqa vaqt ichida Qirg‘izistonda saylov natijalari ma’lum bo‘lganini aytdi. U buni hayrat bilan so‘zladi. Saylov natijalari saylov qutilarini avtomatik ravishda o‘qishga asoslangan edi», — dedi davlat rahbari.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, sotib olish masalasi aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga bog‘liq.

Avval xabar qilinganidek, saylovlar natijalariga ko‘ra 16 ishtirokchi partiyadan 4 tasi, ulardan 2 tasi — hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi partiyalar parlamentga kirdi. Saylovlarda ko‘plab qonunbuzarliklar, shu jumladan ovozlarni sotib olish holatlari qayd etildi. Boy bergan partiyalar vakillari ovoz berish natijalarini tan olishdan bosh tortib, MSKni ularni bekor qilishga chaqirdi.

5 oktyabr kuni saylov natijalaridan norozi bo‘lgan bir necha ming kishi Bishkek ko‘chalariga norozilik namoyishlariga chiqdi. Namoyishchilar Oq uyni (parlament va prezident ma’muriyati joylashgan), shahar hokimligi va hukumat binosini egallab olishdi. Shuningdek, ular mamlakatning sobiq rahbari Almazbek Atambayevni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hibsxonasidan ozod qilishdi. Yakunda Qirg‘iziston saylovlari va referendumlari bo‘yicha markaziy komissiyasi saylovlardagi ovoz berish natijalarini bekor qildi.