6 oktyabr soat 00:00 dan boshlab O‘zbekiston tomoni Qirg‘iziston va uchinchi davlat fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirish uchun cheklovlarni joriy qildi. Bu haqda AKApress agentligi Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Davlat bojxona qo‘mitasining «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, vaqtinchalik cheklov faqatgina O‘zbekiston fuqarolariga taalluqli. Qirg‘iziston fuqarolari O‘zbekiston hududiga kirish va chiqishlari mumkin. Qirg‘iziston hududida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ham O‘zbekistonga kirishlari mumkin. O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlaridan hech qanday ma’lumot olinmadi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston hududida bo‘lgan Qirg‘iziston fuqarolari mamlakatni tark etishlari mumkin va Qirg‘iziston hududida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari O‘zbekistonga kirishlari mumkinligi qayd etildi. Yuk tashish esa cheklovlarsiz amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 sentyabridan boshlab O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi avtoyo‘l o‘tkazish punktlariga nisbatan kirib-chiqish bo‘yicha cheklovlar sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda bekor qilingan edi.

Avvalroq esa 5 oktyabr kuni Qirg‘izistonda parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan minglab fuqarolar ko‘chalarda namoyishlar o‘tkazgani xabar qilindi. Tinch boshlangan harakatlar kechki paytga kelib huquq-tartibot xodimlari bilan to‘qnashuvga aylandi. To‘qnashuvlarda bir kishi halok bo‘ldi, 686 kishi jarohatlandi.

Aniqlik kiritildi: Dastlab xabarda Qirg‘iziston fuqarolari uchun kirish cheklangani haqida ma’lumot berilgan edi. Davlat bojxona qo‘mitasining aniqlik kiritishicha, cheklov faqat O‘zbekiston fuqarolariga tegishli.