Maksimal ball to‘plagan va pulli shartnoma asosida o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlarning kirish testlari natijalari qayta ko‘rib chiqildi. Endi ushbu abituriyentlar grant asosida ta’lim olishadi. Bu haqda bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ma’lum qildi.

Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan abituriyentning test natijalari qayta ko‘rib chiqilib, grant asosida o‘qishga tavsiya etildi.

Imtihonlar natijalari e’lon qilingan kuni qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan eng yuqori natijani qayd etgan, biroq to‘lov shartnoma asosida talabalikka tavsiya qilingan (bu yil ikkita fan bo‘yicha test sinovlari o‘tkazildi va natijalarni hisoblash tartibi o‘zgargani sababli maksimal ball 189 ga teng bo‘ldi) abituriyentlar bilan bog‘liq vaziyat eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan bo‘lgan edi. Ya’ni testlarni 100 foiz yechish ham talaba bo‘lish kafolatini bermadi.

Davlat test markazi mazkur vaziyatni Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktyabrdagi 226-sonli qaroriga binoan respublika va xalqaro tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari oliy o‘quv yurtlariga grant asosida test sinovlari o‘tkazilmasdan qabul qilinayotgani hamda ayrim hududlarda grant joylari ana shunday abituriyentlar bilan to‘lgani bilan izohladi. Biroq Xushnudbek Xudayberdiyev bunday abituriyentlarga qo‘shimcha joylar ajratilishi kerakligini eslatib o‘tdi.

DTM matbuot xizmatidan «Gazeta.uz»ga ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda test natijalari haqiqatan ham qayta ko‘rib chiqilmoqda, respublika va xalqaro tanlovlar hamda musobaqalar g‘oliblari uchun esa alohida joylar ajratilmoqda.

«Olimpiadachilar uchun alohida joylar ajratamiz, abituriyentlarni esa byudjetga qaytaramiz. Endi biz hujjatlarni yig‘ayapmiz, keyinchalik qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etiladi», — deya ta’kidladi markaz matbuot xizmati.