2 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Avvalroq Yangiqrg‘on tumani hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanganlik bo‘yicha reytingida «qoniqarsiz» baho olgan edi. Sessiyada hokim Asadulla Najmiddinovning hisoboti tinglandi.

Daryo nashrining aniqlik kiritishicha, Asadulla Najmiddinov tumanni yil oxiriga qadar «o‘rta», 2021 yilda esa «yaxshi» tumanlar qatoriga olib chiqishga va’da berdi. Hokim agarda va’da bajarilmasa, sektorlar rahbarlari iste’foga chiqishini ma’lum qildi.

Sessiyada so‘zga chiqqan Senat raisi Tanzila Norboyeva tuman rahbarlari va deputatlarni reytingda holati «qoniqarli» deb baholangan hududlar tajribasini o‘rganish, tumanda tayyorlangan yo‘l xaritasini deputatlarning taklif va tashabbuslari asosida qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.

«Deputatlar so‘rovchi emas, talab qiluvchi bo‘lishi kerak. Mana, Xo‘jaobod tumanida mahalliy kengash talabi bilan hokim ishdan olindi-ku? Yaqinda kengashlarda ishchi organ sifatida kotibiyatlar ham tashkil etiladi. Bu ularning to‘laqonli faoliyat yuritishini ta’minlash uchun tashlangan yana bir qadam bo‘ladi», — dedi Senat rahbari.

Tanzila Narbayeva har qanday darajadagi rahbar OAV uchun ochiq bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentning ham talabi shunday. Shaxsan o‘zi jurnalistlarni eng yaqin hamkori deb bilishini va ular bilan muloqotga doim tayyorligini qo‘shimcha qildi u.

Yuqori palata spikeri Namanganda o‘ziga o‘t qo‘ygan ayol voqeasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Hodisa bu qadar fojiali tus olmasligi kerak edi. Xarid qilingan uy-joy bilan bog‘liq masala chigal, muammoli bo‘lsa, ijrosini kechiktirib turish mumkin edi-ku? O‘rtada bir ayol halok bo‘ldi, ikki bolasi yetim qoldi. Bunday holatlar aslo takrorlanmasligi kerak, buni keskin qoralayman», — dedi Senat raisi.

Tahlil natijalariga ko‘ra hududlar biznesni rivojlantirish holatiga qarab «yaxshi», «o‘rtacha» va «qoniqarsiz» toifalarga ajratildi. Vaziyat 48 ta hududda «yaxshi», 119 ta hududda «o‘rtacha» va 33 tuman, shaharda «qoniqarsiz» deb topilgan.

«Qoniqarsiz» baholangan hokimlar va tumanlar sektor rahbarlari aholidan kechirim so‘rab, vaziyatni to‘g‘irlashga va’da berishdi.