Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek kinorejissyori, xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Zulfiqor Musoqovning O‘zbekiston prezidentiga yo‘llagan murojaati paydo bo‘ldi. O‘z murojaatida rejissyor o‘zbek kino sanoatida yuzaga kelgan muammolarni ko‘targan va «O‘zbekkino» agentligi rahbariyatini tanqid qildi.

Voqeadan bir necha kun o‘tib, rejissyor 15 sentyabr kuni Jamoatchilik kengashi yig‘ilishiga chaqirildi, u yerga yetib borgach esa, unga yig‘ilish 14 sentyabr kuni bo‘lib o‘tganligini aytishgan. Kengash Zulfiqor Musoqovni 21 sentyabr kuni boshqa kinoijodkorlar kiritilmagan navbatdagi yig‘ilishga chaqirgan.

Zulfiqor Musoqov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida prezidentga yo‘llagan murojaatining sabablari, kino sanoatidagi muammolar, film ijodkorlari uchrayotgan ta’qiblar va to‘siqlar, kinematografiyani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishining ahamiyati, yangi loyihasi va sevimli filmlari haqida gapirdi.

— Siz Prezidentga yo‘llagan murojaatingizda O‘zbekiston kino sanoatidagi muammolarga nisbatan o‘zingizning nuqtai nazaringizni bayon qilgansiz. Sizni bunga nima undadi?

— Bu vaziyat bir kunda vujudga kelmadi.

Firdavs Abduxoliqovning ["O‘zbekkino" direktori etib — tahr.] tayinlanishidan oldin, men uni o‘nlab yillar davomida ikki-uch marta ko‘rganman va unga nisbatan hech qanday shaxsiy adovatim yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emasligini alohida ta’kidlayman. Bundan tashqari, tayinlovdan so‘ng direktor telefon va telegram orqali menga faqatgina kinoga oid savollar bilan murojaat qilib, gaplashdi. Men o‘z fikrimni bildirganman. Kino haqidagi qarashlarimiz aniqlangangach, men o‘zimni foydasiz dialogdan chetlashtirdim.

U bilan kinematografiya borasidagi tushunchalarimiz va yondashuvlarimiz mutlaqo farq qiladi. Uning uchun kinematografiya birinchi navbatda biznes. Men uchun, bizning sharoitimizda, bu avvalo, san’at. Yaxshi va yomon kino qanday bo‘lishi to‘g‘risidagi tushunchalarimiz butunlay boshqacha. Sifatsiz mahsulot va oddiy san’at asari o‘rtasidagi farq bo‘yicha tushuncha yo‘q. Men agar yordam kerak bo‘lsa, murojaat qilishi mumkinligini aytgandim. Demak, mening emas, boshqalarning yordami kerak.

Ha, faoliyatining boshida ijobiy lahzalar ham bo‘ldi. U yoshlar laboratoriyasini ta’mirlab, tartibga keltirdi, jihozlar sotib oldi va hokazo. Abituriyentlarning S.A.Gerasimov nomidagi Umumrossiya davlat kinematografiya institutiga onlayn imtihon topshirishlarini tashkillashtirdi.

Ammo o‘tgan yilning noyabridan beri, men unga bu haqda bir necha bor aytganman, taqdimotlar va va’dalardan, o‘n yillik istiqbol rejalaridan tashqari, aniq bir narsa yo‘q edi. U va uning atrofidagi kamsonli odamlar bizning kino sanoatimiz bo‘lishi kerakligini baralla aytishmoqda. Bundan xursand bo‘lardim. Ammo hali erta.

34,5 million aholisi bor O‘zbekiston sharoitida kinoteatrlarning soni keskin kam, bugungi kunda ular 162 tani tashkil qilmoqda, garchi bir yil oldin filmlarni tarqatish bo‘yicha sobiq rahbarning so‘zlariga ko‘ra, ularning soni 61 ta bo‘lgan, shulardan atigi 31 tasi talabga javob beradi. Nahot bir yil ichida yuzdan ziyod kinoteatr qurilgan bo‘lsa? 20−30 yildan beri kinoteatr bo‘lmagan qishloqlarni, shaharlarni va ularning markazlarini bilaman.

Ilgari Sobiq Sovet Ittifoqi Davlat kinosining ulkan tizimida O‘zbekistonda 3 mingdan ortiq kino qurilmalari mavjud edi. Men butun bolaligimni buvim bilan Toshkent yaqinidagi qishloqda o‘tkazganman, esimda, har kuni filmlar qo‘yilar edi va bu juda katta g‘oyaviy-tarbiyaviy ahamiyat kasb qilar edi.

Bu yil davlat buyurtmasi asosida 30 ta film topshirilishi kerak. Bu yerda esa ochiqdan-ochiq soxtalik qilinyapti. Men o‘zim badiiy kengashning a’zosi edim va qanday qilib juda past sifatli tayyor (kino)asarga go‘yoki, «O‘zbekkino»da suratga olingan film bo‘lishi uchun oz miqdorda mablag‘ tikilganini ko‘rganman. Bu ko‘zboyamachilik va soxtakorlik deyiladi. Bundan tashqari, gap yuz millionlab so‘m haqida ketmoqda.

Aniq misol: «Sevgi Iztirobi» filmi. Men shaxsan ko‘rganman, filmni badiiy kengashda qattiq tanqid ostiga olishdi, direktor esa «Kelinglar, yana bir nechta epizodlarni suratga olamiz», — dedi.

Xuddi shunday, Rashid Malikovning «Sumbul» kinosi tatar kinomatograflari bilan birgalikda xususiy studiyada suratga olingan bo‘lib, bundan 1,5 yoki 2 yil oldingi badiiy kengashdan o‘tmagan. Film bizning mentalitetimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Ammo yana 100 ming dollarni qo‘shishadi, bu juda katta pul, va film «O‘zbekkino» nomi ostida chiqarilmoqda.

Men urush haqida uchta film suratga oldim, va shu mavzuda «101» nomi bilan no‘noq bir film chiqmoqda. Bu odamlar — «birovning hisobidan bo‘lgan ishbilarmonlar"dir. Bu ham «O‘zbekkino»ning qo‘shma mahsuloti sifatida taqdim etildi. Ularning jozibali buklama reklamasida shunday deyilgan. Bu davlatni ochiq-oydin aldashdir. Va men o‘z xohishim bilan «O‘zbekkino» badiiy kengashidan chiqdim.

Men hech qachon rahbarlik lavozimlarida ishlamaganman va ishlashni xohlamayman ham — buning menga keragi yo‘q. Mening ma’lum bir kasbim bor. Men hech qachon jamoaviy xatlar imzolamayman. Agar kerak bo‘lsa, men faqat o‘z nomimdan gapiraman. Va men so‘zlarimdan bosh tortmayman.

Hammasi 109 kishining xati bilan boshlandi (ba’zilari imzolarini rad etishdi — bunisi endi ularning vijdoniga havola), ammo bu deyarli «O‘zbekfilm» DUK kinostudiyasi va «O‘zbekmultfilm» DUKning butun jamoasi, «O‘zbekkino» agentligi direktorining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sh. T. Rizayev va agentlik direktorining moliya bo‘yicha o‘rinbosari N.D.Maxmudov, O‘zbekiston kinoijodkorlari assotsiatsiyasi raisi M.Matchonov, o‘nga yaqin rejissyorlar Bosh vazirga aniq, dalillarga asoslangan, hech kimni shaxsini haqorat qilmaydigan xat yozdilar.

Bu maktubga munosabatimni so‘ragan Agentlik direktoriga birinchi bo‘lib bergan maslahatim shunday edi: «Bosh vazirga murojaat qilganlarning hammasini yig‘ib, muammolari haqida har biri bilan alohida gaplashing, ularni dardlarini tinglab, amaliy yordam bering». Lekin bu amalga oshmadi.

Ma’muriyat, Jamoat kengashi, badiiy kengash va kinoijodkorlar birlashmasining rasmiy qo‘shma bayonoti so‘nggi tomchi bo‘ldi. Ochiq yolg‘on. Badiiy kengashning ko‘plab a’zolari ushbu murojaatni umuman o‘qib ko‘rishgani ham yo‘q. Kinoijodkorlar birlashmasi ertasi kuni ushbu murojaat matni bilan rozi emasligini ta’kidlab, raddiya bilan chiqish qildi. Mana, o‘sha go‘yoki murojaatdan parcha:

«Shu o‘rinda, bu munozaralar oddiy odob-axloq me’yorlari chegarasidan chiqib, uning mualliflari o‘z nuqtai nazarlarini himoya qilgan holda, nafaqat o‘z muxoliflarini, balki Agentlikni ham haqorat qilayotganliklari, milliy kinematografiyasi obro‘siga putur yetkazayotganliklari, millionlab kino- va teletomoshabinlarning kino san’ati arboblariga bo‘lgan ishonchni so‘ndirayotganliklarini nomaqbul va nojoiz xatti-harakat, deb hisoblaymiz…
Aytish joizki, hech qachon tizimli islohotlar ziddiyat va qarama-qarshiliklarsiz kechmagan. Aslida bu — eskicha va yangicha yondashuvlar kurashi. So‘nggi yillarda kino sanoatida boqimandachilik kayfiyati ildiz otgan bo‘lib, bunday fikrlarni ifodalovchilar balandparvoz gaplarni dastaklash orqali kinoloyihalarni faqat davlat tomonidan moliyalashtirishni talab qilishmoqda. Shu bilan birga, bu kinoijodkorlar jamiyat oldida davlat mablag‘lariga ishlangan filmlarning kinoprokatdagi muvaffaqiyati yoki muvaffaqiyatsizligi uchun hech qanday mas’uliyatni zimmalariga olmaydilar».

Bu haqoratli murojaat matni «O‘zbekkino» direktori tomonidan tekshirilmagan deb o‘ylayman — axir yig‘ilishga Bosh vazir o‘rinbosari keldi. Bu pozitsiya.

Men o‘zim uchun javob beraman: men hech qachon badiiy kengash va ma’muriyatning ba’zi a’zolari kabi ochiqdan-ochiq yolg‘on yoki haqorat qilishgacha past ketmaganman. Agar biror kishi surbetlarcha yolg‘on gapirsa yoki tuhmat qilsa, men u odamning yuziga bu ishi xato ekanligini aytdim va bundan keyin ham aytaman. Agentlikni men haqorat qildimmi? Qanday haqorat nazarda tutilyapti? Millionlab tomoshabinlar oldida milliy kino maqomini men tushirayapmanmi? Ular oydan tushganmi? O‘sha millionlardan «Kichkina Tabib», «Oyijon», «Vatan», «Abdullajon», «Osmondagi bolalar», «Novda» filmlari nima ekanligini so‘rang. O‘ylaymanki, o‘sha millionlab muxlislar ularni qo‘llab-quvvatlamaydi.

Shaxsan men butun mehnat faoliyatim davomida hech qachon moliyalashtirishda yordam so‘ramaganman, shunchaki ssenariylar olib kelganman va menga loyihalar berishadi, biror loyiha yoki ssenariy tanish-bilishchilik bilan berilgan emas. Birgina «Vatan» loyihasi 3 yil kutdi, «Berlin-Oqqo‘rg‘on» — olti yil… Shunchaki, bu mening kasbim bo‘lgani uchun. Filmlarning «prokat»dagi muvaffaqiyati haqida ularning yozganlari hammasi yolg‘on. Qaysi o‘zbek filmlari 9 oy davomida «Panorama»da doimiy ravishda namoyish etilgani va xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lganligini so‘rang. Direktor hamfikrlarining qaysi filmi «prokat»da muvaffaqiyat qozondi?

«O‘zbekfilm»ning yuqori toifadagi postanovkachi-rejissyorlari oyiga atigi 1 950 000 so‘m oladi, bu ham bo‘lsa, faqatgina film ishlab chiqarish davrida, postanovka uchun esa omadi kelsa, 2−3 yilda bir oladigan bo‘lsa, 24 yoki undan ko‘p oylarga bo‘linng. Bu farroshning oyligidan kamroq bo‘lib chiqadi. Operatorlar va qolganlar haqida gapirganim yo‘q. Aktyorlar suratga olish kuni uchun o‘yin hayvonlariga qaraganda kamroq pul olishadi. Yil davomida ushbu masalani hal qilishga «O‘zbekkino»ga kim to‘sqinlik qildi?

Ssenariylarni tayyorlash bo‘limining yangi rahbari qaysi rejissyorlar qaysi filmni suratga olganligini bilmasa, buni qanday hazm qilish mumkin? PR bo‘limi boshlig‘i shaxsan va jamoat oldida bizning kinomizni axlat deb atagan odam bo‘lsa va u ham kim qaysi filmlarni suratga olganini bilmasa, bu normal holatmi? Ular bu haqda intervyuda o‘zlari gapirishdi.

Ko‘plab taqdimotlardan birining boshlovchisi ommaviy ravishda va Facebookda: «Qariyalar o‘z unvonlari bilan maqtanishlariga hojat yo‘q, ular kinodan ketishsin endi, yoshlarga yo‘l berishsin!» deya gapirganini qanday tushunish mumkin?

Jamoatchilik kengashi ochiqlik va oshkoralik bo‘lishi uchun yaxshi niyatlar bilan tashkil etilgan. Ular qo‘pol tarzda kengashga kelgan ko‘plab kinoijodkorlarni haydab chiqargan bo‘lsa, qanday qilib ochiqlik va oshkoralik bo‘lishi mumkin? U yerda harbiy sirlar muhokama qilinganmi?

Men jamoat kengashiga mamlakatimizning kino san’atiga hissa qo‘shgan juda munosib odamlarni — Yodgor Sa’diyev, Dilorom Karimova, Xayrulla Sa’diyev, Bahodir Yo‘ldoshev, Rustam Sa’dullayev, Ra’no Shodiyeva, Bahodir Jalolov, Yolqin To‘ychiyev, Akmal Nur, Nozim To‘laxo‘jayev, Bobur Yo‘ldoshev, Feruz Saidov va ko‘plab boshqa ijodkorlarni jalb qilishni taklif qildim.

Menga surbetlik bilan «Nega ular kengash a’zoligiga munosib bo‘lishi kerak?» deya javob berishdi. Ochiqchasiga «Kino bu biznes» deb ta’kidlayotgan Kengash a’zosiga qanday qilib ishona olaman.

Murojaatimning mazmuni Prezidentga yetib bordi, men Bosh vazir bilan uchrashdim, bir soatdan ko‘proq vaqt davomida kino muammolari haqida gaplashdik, ular butun bir yil davomida yanada chuqurlashgan. Mening barcha dalillarim diqqat bilan tinglandi. Umid qilamanki ular nimadir qilishadi.

— Siz «san’atni biznesga aylantirish harakati»ga tanqidiy munosabat bildirasiz. Nima uchun bu pozitsiyadasiz?

— Mamlakatda aeroportlar bo‘lmasa, samolyotlarni ishlab chiqarish mumkin emas. Samolyot uchishi va qo‘nishi uchun makon bo‘lmasa, qanday qilib samolyotlarni ishlab chiqarish mumkin? Mamlakatdagi mavjud kinoteatrlarning soni achinarli kam bo‘lgan bir paytda, qanday qilib kino sanoati haqida gapirish mumkin? Qanchadan qancha kinoteatrlar sotildi, berildi, yo‘q qilindi. Kinochilar uyi haqida gapirmayapman ham, bu mening yurak dardim. «Chayka» kimgadir sotilgan, «Do‘stlik» va «G‘afur-G‘ulom» kinoteatrlari endi yo‘q.

Ammo, meni to‘yxonalarning soni hayratga soladi. Birgina Toshkentda ularning soni 143 tani tashkil etadi. Menimcha, 3,5 million aholisi bo‘lgan shaharda faqat 10dan ortiq kinoteatr bo‘lishi normal holat emas.

Men hatto hisoblab chiqdim, o‘zbek filmlari namoyish etilishi uchun butun mamlakat bo‘ylab 934 ta kinoteatr bo‘lishi kerak.

Prezidentning ta’kidlashicha, yosh avlodga tarbiya berish, uning madaniyati va bilimini oshirish nuqtai nazaridan kino san’ati Mudofaa vazirligi bilan bir qatorda turadi, ayrim hollarda esa undan ham muhimroq o‘rinni egallaydi.

Hukumat yordamisiz kino o‘ladi. Barcha xususiy kompaniyalar u yoki bu loyihani ko‘rib chiqish iltimosi bilan keladi va davlat pullari bilan suratga oladi. Savol tug‘iladi: agar siz shunday ishbilarmon bo‘lsangiz, nega borib uzoq muddatli kredit olmaysiz? Yo‘q. Chunki kino juda tavakkal ish. Davlat Mudofaa vazirligi, prokuratura yoki sog‘liqni saqlashdan moliyaviy foyda kutsa — bu ahmoqlik bo‘lardi. Qanday qilib bronetransportyor yoki tankdan pulni qaytarishni talab qilish mumkin?

Davlat tomonidan kino sanoatiga yiliga bir marta ajratiladigan mablag‘ — 6 million dollar va 100 milliard so‘mni tashkil etadi. Agar hisoblansa, bu Boeing Dreamliner samolyoti birgina dumining narxi.

Davlat yordam bermaydigan va barcha kino xususiy bo‘lgan uchta mamlakat mavjud.

Bu AQSH, u yerda kuchli kino sanoati monopolistlar qo‘lida: Paramount, Metro Goldwyn Mayer, Warner Brothers va boshqalar. Ularning o‘zlarining haybatli kinoteatrlari bor, bu amerikaliklarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalaydigan yuz yillik kuchli kino sanoatidir, bu birinchi navbatda mafkuraviy quroldir.

Ko‘pgina amerikalik filmlarda, agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, Sony titrlaridan foydalaniladi. Minglab filmlar chiqarilishiga qaramay, shundan 15−20 filmgina unga tikilgan mablag‘ni qoplaydigan bir paytda, Sony bilan kelishuvga binoan ushbu kompaniyalar soliq imtiyozlariga ega, chunki Sony moliyaviy yordamisiz ko‘plab Amerika filmlari yo‘qolib ketadi.

Yana bir mamlakat — deyarli 1,5 milliard aholiga ega Hindiston. Bu hindlarning o‘ziga xos xususiyati — bechora hindistonlik bir necha rupiy yig‘ish va ertak tomosha qilish uchun bir hafta davomida och qoladi, lekin kamida ikki soat u samoviy hayotda yashaydi.

Qanchalik g‘alati bo‘lmasin, uchinchi mamlakat — Nigeriya bo‘lib, u aniq yo‘lni topdi: u shunchaki remeyklar ishlab chiqaradi, arzon filmlarni suratga oladi va butun Afrika bu filmlarni zavq bilan tomosha qiladi.

Dunyoda birorta ham milliy kinematografiya davlat yordamisiz faoliyat yurita olmaydi. Angliya, Germaniya, Fransiya o‘zlarining milliy kinematografiyasini Gollivud mahsulotlarining kengayishidan himoya qilish uchun qo‘lidan kelganini qilmoqda.

Eronning mutlaqo boshqacha, o‘ziga xos va chuqur milliy uslubi bor, u barcha xalqaro kinofestivallarda mukofot oladi. Men Eron kinematografiyasining ashaddiy muxlisiman.

Materiallarni bilmaslik, kinematografiya kasbini bilmaslik, «O‘zbekkino» rahbari tomonidan uni o‘rganmaslik, quruq taqdimotlarga bo‘lgan ishtiyoq shunday inqirozga olib keldi.

— Siz «butun hayotini kinoga bag‘ishlagan mutaxassislar ishdan bo‘shatilmoqda yoki ta’qib qilinmoqda» deb yozgansiz. Bu kabi holatlar to‘g‘risida bizga gapirib bera olasizmi?

— Murojaatga imzo chekkanlarni ochiqdan-ochiq inkor qilish va ta’qib qilish davom etmoqda. Bir necha kishi imzolaridan bosh tortishdi. Aftidan, ularga ruhiy bosim o‘tkazilgan, menga bu qorong‘u.

Muayyan holatlar mavjud. Ko‘pgina filmlarning, shu jumladan mening «Berlin-Oqqo‘rg‘on» filmimning muharriri Feruza To‘raxo‘jayeva hamon ruhiy bosim, «ishdan ketsin» degan talab ostida. Nega u ishdan ketishi kerak? U ajoyib, bilimli muharrir. Faqat shaxsiy adovat tufayli.

Umid Hamdamovning yangi «Abdulla Qodiriy» loyihasi bo‘yicha prokurorlarga o‘xshab so‘roq qilishdi. Ular juda istiqbolli yosh rejissyor Muzaffar Erkinovni ta’qib qilishdi. Ularga haqiqiy kinoijodkorlar kerak emas.

Ish menga qarshi ochiqchasiga ta’qiblarga borib yetdi. Ular «Vatan» kinofilmiga loy chaplashni boshlashdi. Men haqimda butunlay tuhmatdan iborat video tayyorladilar, go‘yo men birovning musiqasidan foydalanganman. Ular plagiat nima ekanligini tushunmaydilar. Birinchidan, 30 soniyagacha musiqa parchalaridan foydalanish va iqtibos keltirish mumkin. Ikkinchidan, menda ushbu bastakorlarning roziligi bor. Bu tuhmat videoni kim buyurgan, kim tayyorlagan va kim tarqatganini bilmayman, hozir bu bilan prokuratura shug‘ullanmoqda.

— Estradada hech qayerda yozilmagan «qo‘shiqchiga taqiq"lar uchrardi, ularni milliy televideniye va radioga chiqartirishmasdi. O‘zbek kinosanoatida bu kabi holatlar haqida bilasizmi?

— Bu yozilmagan qonunlarni bilmayman, men uchun faqat yozilgan qonun bor. Bizda menimcha rasman taqiqlangan rejissyorlar yo‘q. Ammo ko‘plab to‘siqlar mavjud.

Ko‘plab xalqaro festivallar g‘olibi, hamkasbim Jaxongir Qosimovning millatimizning buyuk ma’rifatchisi Isoqxon Ibrat haqidagi"Ibrat" filmini misol qilib keltirish kifoya. U 15 marotaba turli komissiyalar, yig‘ilishlar va taqdimotlardan o‘tgan. Va bularning barchasi karantin davrida o‘tkazildi.

Har xil komissiyalardan 15 marta o‘tkazish to‘siq emasmi? Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Badiiy kengash mavjud. Bu yerda esa eskpertlar kengashini to‘playlik, boshqalarni yig‘aylik deb turib olishgan, hamma nima uchun bunday qilinayotganini yaxshi tushunadi.

— Intervyularingizning birida Badiiy kengash tomonidan tasdiqlanmagan ssenariylar ko‘p bo‘lganini aytgansiz. Bu ssenariylarni adaptatsiya qilingan shaklda kitob sifatida chiqarish fikri bo‘lmaganmi?

— Menga bir nechta takliflar berilgan edi. Men «Qo‘rg‘oshin» filmini chiqardim, keyin menga qissa yozishimni aytishdi. Xronometrajning cheklanganligi sababli filmga ssenariyning taxminan 40% kiritilgan. Yaqinda mening ikkinchi kitobim nashrga tayyorlanyapti.

Ammo menda hozircha vaqt yo‘q, ular (сценарийlar — tahr.) tokchada turishibdi, ular amalga oshishiga umid qilaman. Menda o‘z vaqtini kutib turgan ssenariylar juda ko‘p.

Minglab tomoshabinlarimizning iltimosiga binoan men «Osmondagi bolalar 3» yoki «Yerdagi otalar» ssenariysini yozdim. Ikki oy oldin men uni Badiiy kengashga berdim. Biroq, u hech kimga kerak emas.

Hozir mahalla haqida film suratga olish to‘g‘risida prezidentning buyurtmasi o‘z vaqtini kutmoqda. Mening «Hotamtoy» nomli ssenariyim Madaniyat vazirligi, Mahalla vazirligi va «O‘zbekkino» tomonidan takillashtirilgan tanlovda g‘olib bo‘ldi. Bunga ham ikkinchi oy bo‘lyapti. Direktorning o‘zi menga: «Buni shogirdlaringiz bajarishsin», deb taklif qildi. Men ularga umid berdim. Endi esa byurokratik rezina cho‘zilmoqda. Yigitlarga rahmim keladi.

— «Abdullajon» filmining ikkinchi nomi «Stiven Spilbergga bag‘ishlanadi» deb ataladi. Buning sababi nimada?

— Chunki film qahramoni Xudoyberdi Sotiboldiyev Stiven Spilbergning Ye.T. (O‘zga sayyoralik) filmini tomosha qiladi. U Spilbergga xat yozishga qaror qiladi.

Keyin menga aytib berishlaricha, Stiven Spilbergning o‘zi NHK telekompaniyasiga tasodifan tashrif buyuradi. U bu filmni ko‘rgach, uzoq vaqt kulgan va «Bu odamga yordam berish kerak, unda yumor hissi bor ekan» deydi. Shundan keyin yapon kompaniyasi menga ikkita film suratga olishni taklif qildi.

Bular birinchi o‘zbek-yapon filmlari edi: «Yaratganga Shukur» va ayniqsa, «Oyijon». Biz birinchi marta yapon aktyorlarini suratga oldik, men Tokioda suratga oldim.

— Siz navbatdagi filmingizni suratga olish uchun Buxoroda bo‘lganingizni aytdingiz. Yangi loyihangiz haqida gapirib bersangiz? Film nima haqida bo‘ladi?

— Bu 20 yildan beri o‘zining ssenariysi bo‘yicha film suratga olinishini orzu qilgan kambag‘al, ishsiz ssenariy muallifi haqidagi yarim mistik, yarim ertak film. U bir vaqtlar yaxshi film suratga olgan, ammo o‘shandan beri birorta ham ssenariysi o‘tmagan. Oilasini boqish maqsadida reklama roliklari uchun ssenariy yozadi.

«Ssenarist» filmini suratga olish jarayonidan lavha. Foto Zulfiqor Musoqov arxividan.

Mana uning orzusi: islomgacha bo‘lgan davrda yashagan ikki malikaning tarixi haqida film suratga olish. Bu san’atni yaratish qanchalik qiyinligi va uni o‘ldirish qanchalik oson ekanligi haqidagi fantastik hikoya. Afsuski, bu mavzu bugungi kunda juda dolzarbdir.

— Qaysi filmlarni tomosha qilishni tavsiya qilasiz?

— Yolqin To‘ychiyevning «Feridening ikki ming qo‘shig‘i», Jaxongir Qosimovning «Ibrat», Ayyub Shaxobiddinovning «Rangsiz tushlar», Umid Hamdamovning «Issiq non», Muzaffar Erkinovning «Avloniy», Abduxalil Mignorovning «At Termiziy», «Barqarorlik» filmlarini. O‘zimning filmlarimni sanamayman, bu manmanlik bo‘ladi.

— Sizning sevimli o‘zbek filmlaringiz?

— Elyor Ishmuhammedovning «Sevishganlar», Ali Hamroyevning «Yettinchi o‘q», Shuhrat Abbosovning «Toshkent non shahri» filmlari.

Ko‘pchilik bilmaydigan Sergey Alibekov va Svetlana Muratxodjayevaning «Ip» nomli dohiyona ishlangan kichkina multfilmi — bu o‘zbek xalqining barcha azoblari tasvirlangan durdonadir.

— Sevimli xorij filmlaringiz?

— Men Moskvadagi rejissyorlik kurslarida ikki haftalik mahorat darslarida tahsil olgan rejissyor Frensis Ford Kopolaning deyarli barcha asarlari. Shuningdek, Jeyms Kemeron, Stiven Spilberg, Martin Skorseze, Bernardo Bertoluchchi, Serxio Leone, Sei Mendes, Tarantino filmlari.

Rus rejissyorlaridan — Georgiy Daneliya, Andrey Konchalovskiy, Nikita Mixalkov, Aleksey German, Karen Shaxnazarov, Leonid Gayday, Eldar Ryazanov, ustozim Vladimir Menshov, Andrey Tarkovskiy, Lidiya Bobrova filmlari. Bu kinodan yuksakroq narsa.

Hozirgi avloddan: Viktor Shamirov, Eduard Parri, Jora Krыjovnikov, aka-uka Kottlar.

Va, albatta, daho Chaplin. Bu mening ish stolimdagi, kompyuterimdagi filmlar, tez-tez tomosha qilaman.

— Sizning sevimli kitoblaringiz?

— Sergey Dovlatovni qayta-qayta o‘qib turaman. U zamonamizning Chexovidir. Hozir men Genri Ford va Zbignev Bjejinskiyni o‘qiyapman.

Davlat Umarov suhbatlashdi.

To‘ldirildi (07.10.2020): «Gazeta.uz» «O‘zbekkino»ning izohlarini e’lon qildi.