O‘zbekiston prezidenti 2 oktyabr kuni «Sog‘liqni saqlash sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi o‘zining «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida xabar qildi.

Qarorga ko‘ra:

  • sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari — Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimi joriy etildi. Avgust oyi boshida Botirbek Isabekov lavozimidan ozod qilinganidan buyon Toshkent SSBB rahbari lavozimi vakant bo‘lib qolmoqda;
  • sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari — Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori lavozimi tugatildi. 2017 yil aprelidan buyon mazkur lavozimda Abduhakim Xojiboyev faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Iyul oyida esa u sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi, biroq bir vaqtning o‘zida RSHTYOIM rahbari lavozimini ham saqlab qolayotgan edi.

Qarorga muvofiq:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri va viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi va viloyat hokimlari bilan kelishilgan holda;

hududiy tibbiyot muassasalari rahbarlari esa sog‘liqni saqlash vaziri hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi va viloyat hokimlari bilan kelishilgan holda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshliqlari tomonidan lavozimga tayinlanadi.

2020 yil 1 noyabrdan Sog‘liqni saqlash vazirligi va hududiy boshqaruv organlari xodimlariga quyidagi miqdorda ko‘p yillik ishlaganlik uchun har oylik ustama to‘lanadi (rag‘batlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda):

  • 1 yildan 3 yilgacha — 0,3;
  • 3 yildan 5 yilgacha — 0,6;
  • 5 yildan 10 yilgacha — 0,8;
  • 10 yildan 15 yilgacha — 1;
  • 15 yildan 20 yilgacha — 1,2;
  • 20 yildan yuqori — 1,5.