Qirg‘izistonda 4 oktyabr kuni yettinchi chaqiriq Jogorku Kenesh deputatligiga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Saylovlarda 16 ta siyosiy partiya o‘rinlar uchun kurash olib bordi, deya xabar berdi 24.kg axborot agentligi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, faqat to‘rtta siyosiy partiya bir palatali parlamentga kirish uchun 7 foizlik to‘siqni yengib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Ular:

  • «Birimdik» (24,53%) — 46 ta o‘rin;
  • «Mekenim Kыrgыzstan» (23,9%) — 45 ta o‘rin;
  • «Kыrgыzstan (8,74%) — 16 ta o‘rin;
  • «Butun Kыrgыzstan» (7,09%) — 13 ta o‘rin.

Saylovlarni o‘tkazish uchun 2475 ta saylov uchastkasi ochildi, 97,25 foiz ovozlar hisoblab chiqildi, deya xabar berdi MSK. Qolgan uchastkalarning aksariyati chet elda joylashgan. Aholining saylovda ishtirok etish ko‘rsatkichi esa 56,2 foizni tashkil etdi.

Parlamentga kira olmagan beshta partiya birlashishini e’lon qildi. «Reforma», «Ordo», «Meken Ыntыmagы», «Chon kazat» va «Ыyman nuru» saylov natijalarini tan olishdan bosh tortishdi va birgalikda harakat qilishga kelishishdi.

5 oktyabr kuni Bishkekda ovoz berish natijalaridan norozi bo‘lgan partiyalar va ularning tarafdorlarining bir necha tinch mitinglari bo‘lib o‘tdi.