Rossiyaning Kamchatka o‘lkasidagi Tinch okeani qirg‘og‘ida o‘nlab halok bo‘lgan jonivorlar o‘liklari topildi. Greenpeace bu vaziyatni ekologik falokat deb atadi.

Kamchatka aholisi sentyabr oyining oxirida suv rangining o‘zgarishi va dengiz faunasi nobud bo‘layotgani to‘g‘risida xabar berishni boshladi, deya xabar berdi RBK. Suvda bo‘lgan odamlar va serferlar ko‘zlari achishayotgani va zaharlanish belgilari kuzatilayotganligi haqida ma’lum qilgan.

2 oktyabr kuni o‘lka Tabiiy resurslar va ekologiya vazirligi suv namunalari tekshirilganida, fenollar miqdorining 2,5 baravar, neft mahsulotlari esa 3,6 baravar oshib ketgani tasdiqlangani haqida xabar berdi.

Kamchatka o‘lkasi ma’murlari sodir bo‘lgan voqeaning uchta ehtimoliy versiyasini e’lon qildi: texnogen ifloslanish, tabiiy hodisa (bir kun oldin mintaqada bo‘ron bo‘lgan) va seysmik faollik.

Kamchatkada atrof-muhit ifloslanishi va jonivorlarning halok bo‘lishi holati yuzasidan qirg‘oq zonasidagi xo‘jalik faoliyatining maxsus rejimini buzish to‘g‘risidagi moddasi bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

5 oktyabr kuni Tinch okeanida jonivorlarning ommaviy o‘limi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv materiallari Rossiya Tergov qo‘mitasining markaziy idorasiga o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi. Voqea joyida Tergov qo‘mitasining mintaqaviy departamenti kriminalistlari ish olib bormoqda.