1 maydan boshlab O‘zbekistonda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini baholashning reyting tizimi faoliyat ko‘rsatmoqda. Tizim doirasida birinchi marta iqtisodiy ko‘rsatkichlar, biznesni qo‘llab-quvvatlash muhiti, infratuzilma hamda tuman va shaharlardagi resurslardan foydalanish darajasi o‘rganildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra hududlar biznesni rivojlantirish holatiga qarab «yaxshi», «o‘rtacha» va «qoniqarsiz» toifalarga ajratildi. Vaziyat 48 ta hududda «yaxshi», 119 ta hududda «o‘rtacha» va 33 tuman, shaharda «qoniqarsiz» deb topilgan.

Kasbi tumani sektor rahbarlari. Foto: O‘zA.

Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumani 13 ta ko‘rsatkich bo‘yicha reytingda boshqa tumanlarga nisbatan pastroq o‘rin egallagan.

Kasbi tumani hokimi To‘xtamurod Meyliyev tumanning 2019 yilgi reyting natijalariga ko‘ra «qizil» zonaga tushib qolganligi uchun to‘rtta sektor rahbarlari nomidan tumanning 197 minglik aholisidan uzr so‘radi, deya xabar berdi viloyat hokimligi.

«Agar bloggerlar, hurmatli deputatlar va tuman aholisi tomondan bizga yana bir imkoniyat berilsa, bizga ishonch bildirilsa, biz o‘zimizni o‘nglab, tanqidiy tahlildan xulosa chiqarib, vaziyatni to‘g‘irlashga harakat qilamiz, tumanning ertangi kuniga befarq qolmaymiz. Xalqimizdan kechirim so‘ragan holda, bizga yana bir bor ishonch bildirishingizni so‘raymiz», — dedi u.

To‘xtamurod Meyliyev yil oxiriga qadar tuman «sariq» toifaga, 2021 yilning birinchi yarmi oxiriga qadar esa «yashil» toifaga o‘tishini ta’minlashga va’da berdi.

Foto: «O‘zbekiston 24».

Navoiy viloyati Tomdi tumani hokimi Qayrat Aldabergenov viloyatda faqat bitta bank — Xalq banki faoliyat yuritayotganini aytdi. U yil oxiriga qadar tuman «sariq» toifaga, kelasi yil esa «yashil» toifaga kirishini ta’minlashga va’da berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil qiymati 50,9 mlrd so‘mlik 10 ta loyihani, 2021 yilda esa 199,5 mlrd so‘mlik 18 ta sanoat loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.

«Tomdi tumanining reytingda eng oxirgi o‘ringa tushib qolgani uchun, asosan, mening rahbarligimdagi jamoa aybdor deb bilaman. Tomdi tumani aholisidan kechirim so‘rayman. Kelajakda biz bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka, shuningdek o‘z maqsadlarimizni ro‘yobga chiqarishga va’da beraman», — dedi u «O‘zbekiston 24» telekanali reportajida.

Sektor rahbarlari o‘z vaziflarini bajara olmagan taqdirda ishdan ketishga va’da berishdi.

Foto: «O‘zbekiston 24».

Navoiy viloyati Konimex tumani hokimi Muratxan Egamqulov ham aholidan kechirim so‘rab, tumanni rivojlantirish rejalari haqida gapirdi.

«Qaysidir joyda kamchiligimiz bo‘lgan, qaysidir joyda harakatimiz bo‘lmagan. Biz barcha to‘rtta sektor rahbarlari bilan birgalikda bunday ahvolga tushib qolganimiz uchun xalqimizdan uzr so‘raymiz. Odamlar yaxshi yashash huquqiga ega ekan, biz bunga bevosita mas’ulmiz. Qo‘limizga qalam olib, yo‘nalishlar bo‘yicha rejalashtirib oldik: qayerda va nima ishlab chiqaramiz, odamlarni qashshoqlikdan qanday olib chiqamiz, eksport bilan ishlaymiz. Renessans davri bo‘layotgan bir paytda, kerak bo‘lsa, qo‘limizdan kelmasa, qo‘lidan keladiganlarga joyni bo‘shatib berishimiz kerak», — deya ta’kidladi u.

Kun.uz xabariga ko‘ra, Andijon viloyatining Marhamat tumani va Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumani sektorlari rahbarlari ham tumanlarni «qizil» toifadan olib chiqish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ni taqdim etishdi. Bundan tashqari, Andijon viloyati Baliqchi tumani hokimi aholidan kechirim so‘radi. «Xalq so‘zi» Buxoro viloyati Shofirkon tumani hokimligida shu masalaga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgani haqida xabar berdi.

Zarnews.uz nashrining xabar berishicha, 6 oktyabr kuni Samarqand viloyatida Paxtachi, Qo‘shrabot va Payariq tumanlari sektorlari rahbarlari so‘zga chiqishi kutilmoqda, ular nima uchun tumanlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha «qoniqarsiz» baho olganini aytib berishadi.

Yanvar oyi boshida prezidenti Shavkat Mirziyoyev kechirim so‘rash aybdor bo‘lgan davlat xizmatchisini jazodan ozod qilmasligini ta’kidlagan edi.

«Kecha televizorda Bosh prokuratura yig‘ilishidan so‘ng Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Madjidov bilan suhbatni ko‘rdim. „Ha, men xato qildim, kechirasiz“, — deydi. Ishlar kechirim so‘rab hal qilinmaydi, hamma qonun oldida javob berishi kerak. Uch yil kechirildi, bu yetarli! U vaqtlar o‘tdi. Endi shunchaki uzr so‘rab qutilmaydi, qonuniy choralar ko‘ramiz», — degan edi davlat rahbari.

Iyul oyida Toshkent shahrining barcha 11 tumani hokimlari aholiga murojaat qilib, koronavirusga qarshi olib borilgan kurashda yetarli darajada ishlar qilinmagani uchun kechirim so‘radi.

2019 yil iyul oyida uylarning ommaviy buzilish holatlari uchun prezident tanqididan so‘ng Farg‘ona viloyatining sobiq hokimi Shuhrat G‘aniyev (hozirda bosh vazir o‘rinbosari), Qashqadaryo viloyatining sobiq hokimi Zafar Ro‘ziyev (hozirda Jizzax viloyati Zarbdar tumani hokimi) va Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov kechirim so‘rashdi.