29 sentyabr kuni «Bankirning kundaligi» Telegram-kanalida Namangan viloyatida 17 ta bank, shu jumladan, Markaziy bankning hududiy filialining majburiy paxta terimiga jalb qilingani aks etgan ro‘yxatni e’lon qildi. Nashr qilingan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, Uchqo‘rg‘on tumanida paxta yig‘im-terimi uchun 1470 nafar terimchini jalb qilish to‘g‘risida topshiriq berilgan, ammo banklarning umumiy shtati 1422 nafar xodimni tashkil qiladi.

Bundan tashqari, keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 21 sentyabr holatida 1164 nafar xodim paxta terimida qatnashib, 41662 kg paxta terishgan. Jadvalda terimchilarning vaqtincha turar joylari va paxta teriladigan fermer xo‘jaliklari ham ko‘rsatilgan.

Foto: «Bankir kundaligi» / Telegram.

Markaziy bank o‘zining hududiy boshqarmasiga tayanib bank xodimlarining majburiy mehnatga jalb qilingani to‘g‘risidagi ma’lumotlar tasdiqlanmaganligini ma’lum qildi.

Ayni paytda, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati 21 sentyabrdan boshlab paxta terimida majburiy mehnat holatlarining oldini olish, munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash va to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash bo‘yicha ishlar olib borilayotganligini xabar qildi.

Davlat mehnat inspeksiyasiga 29 sentyabr holatiga ko‘ra 50 ta murojaat kelib tushgan, ulardan 22 tasi call-markaz orqali, 2 tasi sayt orqali va 26 tasi ijtimoiy tarmoqlar orqali. Murojaatlarning aksariyati Namangan — 11 ta, Qashqadaryo — 10 ta, Jizzax — 6 ta, Andijon — 5 ta, Toshkent — 4 ta va Buxoro viloyati — 3 ta hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 16 ta holatda fuqarolar mahallalar tomonidan majburiy mehnatga jalb qilingan, 6 holatda ular bank xodimlari bo‘lgan. Mehnat vazirligi barcha xabarlar o‘rganilayotgani va aniqlangan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilayotganini ta’kidladi.

«Shunga qaramay, kunlik monitoring natijalariga ko‘ra ishchi guruhlar mansabdor shaxslarga 2 ta majburiy mehnat, 4 ta mehnat shartnomasini noto‘g‘ri tuzish va mehnat sharoitlariga rioya qilmaslik holatlari bo‘yicha 27 mln 875 ming so‘m miqdorida jarima solishdi», — deyiladi xabarda.

Mehnat vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, Namangan banklarida majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq vaziyat hali ham o‘rganilmoqda, ammo «faktlar qisman tasdiqlangan». Yaqin kunlarda ushbu faktlar bo‘yicha xulosa qabul qilinishi kutilmoqda.

Davlat mehnat inspeksiyasiga kelib tushgan murojaatlar huquqni muhofaza qilish idoralariga ham yuboriladi. Xususan, Namangan shahridagi qurilish materiallariga ixtisoslashtirilgan bozorda ish yuritayotgan tadbirkorlardan «paxta uchun» mablag‘ yig‘ish holati bo‘yicha tushuntirish xatlari va tegishli hujjatlar chiqarildi.

«Fakt tasdiqlangani sababli hujjatlar belgilangan tartibda qonuniy choralar ko‘rish uchun Namangan prokuraturasiga yuborilgan», — deyiladi Mehnat vazirligi xabarida.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 8 sentyabrdagi qarori bilan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari paxta yig‘im-terim jarayoniga ta’lim, tibbiyot va boshqa byudjet tashkilotlari xodimlari, shuningdek, ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalari jalb qilinishining oldini olish uchun javobgardir.

«Gazeta.uz» Namangan viloyati hokimligiga izoh olish uchun so‘rov yubordi.

Mehnat huquqlarining buzilishi yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasining dmi.mehnat.uz sayti, 1176 qisqa raqami va @mehnathuquqbot Telegram-boti orqali murojaat qilish mumkin.

Yangilandi: Mehnat vazirligi matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, Namangan banklari xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq vaziyat o‘rganilmoqda. Materialning asl nusxasida «faktlar qisman tasdiqlandi» deb aytilgan.