2 oktyabr kuni AQSH o‘zining Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtirilgan O‘zbekistondagi «Qadr-qimmat va huquqlar» / «Odam savdosiga qarshi kurash» dasturining besh yillik yutuqlari nishonlandi. Dastur Xalqaro Migratsiya Tashkiloti tomonidan bir qator davlat idoralari, shu jumladan, Inson Huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy Markazi, shuningdek hamkor nodavlat tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirildi.

Dastur mamlakat fuqarolik jamiyati sektorining odam savdosi to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishda ko‘maklashib, fuqarolar va migrantlarning o‘z mehnatiga oid va inson huquqlari to‘g‘risidagi bilimlarini oshirishga alohida e’tibor qaratgan.

AQSH elchixonasi matbuot xizmatining xabar berishicha, dastur orqali 1700 dan ortiq odam savdosi jabrdiydalari, shu jumladan himoyasiz migrantlar va oiladagi zo‘ravonlik qurbonlari bo‘lgan migrantlar uylariga qaytib, psixologik yordam va reintegratsiya uchun maxsus ko‘mak olishdi.

Dasturda shuningdek 95 mingdan ortiq shaxslarga odam savdosi xatarlari bo‘yicha tushuntirish berildi. Bundan tashqari, «Qadr-qimmat va huquqlar» dasturi orqali amalga oshirilgan «Odam savdosiga qarshi 30 kun» aksiyasi davomida mahalliy hamkorlar orqali millionga yaqin odam qamrab olindi.

«So‘nggi ikki yil ichida ushbu sohada 15 dan ortiq qonunosti hujjatlari qabul qilindi, shu jumladan Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy komissiya va Milliy ma’ruzachi instituti tashkil etildi», — dedi AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyum.

AQSH elchixonasining ma’lmotlariga ko‘ra, 2005 yildan boshlab USAID odam savdosi to‘g‘risida xabardorlikni oshirish va ushbu jinoyat qurbonlariga yordam ko‘rsatish uchun 6 mln AQSH dollaridan ortiq mablag‘ sarfladi.

Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz matbuot xizmatining xabar berishicha, dastur doirasida o‘tkazilgan treninglarda davlat idoralari va nodavlat notijorat tashkilotlarining 166 mutaxassisi professional tayyorgarlikdan o‘tgan.

2017 yilda odam savdosiga qarshi kurashish va muhojirlarni himoya qilish milliy tizimining tahlili o‘tkazildi, natijada bir qator takliflar ishlab chiqilgan.

Inson Huquqlari bo‘yicha Milliy Markaz odam savdosiga qarshi kurashish mavzusida bir qator risolalar va qo‘llanmalar ishlab chiqdi va o‘zbek tilida nashr etdi. Davra suhbatida yana bir shunday nashr — bolalar va yoshlar uchun «Odam savdosiga qarshi kurash» illyustrativ kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida O‘zbekiston prezidenti «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida» gi qonunning yangi tahririni imzoladi.