«Darband — Boysun — Elbayon» avtomobil yo‘lining 76-kilometrida joylashgan Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanidan o‘tuvchi ko‘prikni rekonstruksiya qilish ishlariga 9,6 mlrd so‘m sarflanadi. Bu haqda Qumqo‘rg‘on tumani 340-sonli yo‘l boshqarmasi boshlig‘i Husan Rahimov Sevimli telekanalining Zamon dasturiga ma’lum qildi.

Avvalroq xabar berganimizdek, ko‘prik 1 yil 7 oy oldin foydalanishga topshirilgan. Uning qurilishiga 6,5 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan. Biroq ko‘p o‘tmay ko‘prikning tayanch ustunlari 1 metrga cho‘kib, yuqori plitalari qulab tushdi.

Ob’ekt Baxrom Universal MCHJ tomonidan qurilgan, kompaniya ko‘priklar qurish litsenziyasiga ega edi, dedi mutaxassis.

«Ko‘prikni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari uchun 9,6 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Endi qurilish ishlari Surxondaryo viloyatidagi tajribali kompaniya — Xushboq-Ali-Angor tomonidan olib borilmoqda. Ko‘prik tabiiy ofat tufayli shunday ahvolga tushib qoldi», — dedi u.

Avvalroq viloyat prokuraturasi pudratchi shartnomada nazarda tutilgan ishlarni bajarmaganligi haqida xabar bergan edi. Ushbu holatdan prokuratura organlari xabardor edi, ammo O‘zbekistonda karantin cheklovlari tufayli tergov tadbirlarini o‘tkazish va dalillarni olish imkoni bo‘lmagan. Shu sababli 18 iyul kuni Termiz transport prokuraturasi tomonidan JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan. Ushbu qaror 29 sentyabr kuni transport prokurori tomonidan bekor qilinib, hozirgi kunda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

2019 yil fevral oyida O‘zbekistondagi ko‘priklarning aniq soni va holatini aniqlash uchun ko‘priklarni inventarizatsiyadan o‘tkazish ishlari boshlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi ko‘priklarning aksariyati 1970 yillarda yoki undan oldinroq qurilgan.