2 oktyabr kuni Toshkent shahar ma’muriy sudida UzAutoMotors ning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasining qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi shikoyat arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni boshlandi, deya xabar berdi Oliy sud matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Monopoliyaga qarshi kurashish ko‘mitasining maxsus komissiyasi tomonidan kompaniyaga asossiz oshirilgan narxlarni bekor qilib, avtomobillarni kamaytirilgan narxlarda sotish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan edi. Keyinchalik esa UzAutoMotors Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining qarori ustidan Toshkent shahar ma’muriy sudiga shikoyat qildi.

2 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida taraflarning shaxsi aniqlanib, ularning huquq va majburiyatlari tushuntirildi. Ushbu ma’muriy ish sudya G‘. Davlatov raisligida ko‘rilmoqda.

Arizachi — UzAutoMotors aksiyadorlik jamiyati vakili tomonidan sudga sud majlisini yopiq tarzda o‘tkazish to‘g‘risidagi iltimosnoma kiritdi. Iltimosnoma yuzasidan taraflar fikri so‘ralib, ushbu iltimosnoma ishni ko‘rish jarayonida taraflar tomonidan davlat siri bilan bog‘liq maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan hujjatlar sud muhokamasida ko‘rilishi uchun taqdim etilganidan so‘nggina muhokama qilinishi uchun ochiq qoldirildi va sud ishni mazmunan ko‘rib chiqishni boshladi.

Dastlab so‘z UzAutoMotors vakiliga taqdim etilgan va u Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘tkazilgan tekshirish jarayonida Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 28 oktyabrdagi 239-sonli qarori noto‘g‘ri tadbiq etilganligini ta’kidlagan. Shuningdek, UzAutoMotors tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarga narxlar shakllantirilishida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 martdagi 249-sonli qarori tadbiq etilishi lozimligi, jamiyat tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarning narxini kelishish jamiyatning Kuzatuv kengashi vakolatiga kirishi to‘g‘risida aytib o‘tilgan.

Arizachi vakili tomonidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining maxsus komissiyasi tomonidan «Raqobat, tabiiy monopoliyalar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida"gi Nizomning 18-bandi talablari buzilgan holda qaror qabul qilinganligi, chunki Maxsus komissiya yig‘ilishini o‘tkazishni boshqa kunga qoldirish to‘g‘risidagi iltimosnoma kiritilgan bo‘lsada, UzAutoMotors ga yozma fikr va dalillarni taqdim etish huquqi cheklanganligini bildirdi.

Javobgar vakili tomonidan arizachining argumentlariga nisbatan fikr-mulohazalardan so‘ng, ushbu vajlarga nisbatan qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etish to‘g‘risida fikr bildirildi. Sudda taqdim etilgan qo‘shimcha dalillarni o‘rganish hamda sud majlisini yopiq tarzda o‘tkazish uchun kiritilgan iltimosnoma yuzasidan hujjatlarni o‘rganish uchun sud muhokamasi keyinga qoldirildi.

Keyingi sud majlisi 9 oktyabr kuni o‘tkaziladi.