Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 sentyabr kuni «Soliq maslahati sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan Moliya vazirligining quyidagi funksiyalari Soliq maslahatchilari palatasiga o‘tkaziladi:

  • soliq maslahatchisining malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini o‘tkazish va sertifikatni berish;
  • soliq maslahatchilarini o‘qitish va ularning malakasini oshirish dasturlarini tasdiqlash;
  • soliq maslahatchilarining reyestrini yuritish.

Moliya vazirligi soliq maslahatchilarini tayyorlash kurslarini, shu jumladan, masofadan o‘qitish shaklida tashkil etish, shuningdek soliq maslahatchilarining malaka imtihonlarini tayyorlash va o‘tkazishga ko‘maklashadi. Idoraning rasmiy сайтида soliq maslahatchilari reyestri joylashtiriladi va muntazam ravishda yangilab boriladi.

Soliq maslahatchisi advokatlik tuzilmalari, auditorlik tashkilotlarida ishlagan taqdirda, soliq maslahati bo‘yicha faoliyatda 3 yil mobaynida ishtirok etmaganligi uchun uning malaka sertifikati amal qilishini tugatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qarorga ko‘ra, soliq to‘lovchilar ixtiyoriy tugatilganda soliqlar bo‘yicha xulosa berish huquqiga ega bo‘lgan soliq maslahatchilari tashkilotlari ro‘yxati yuritiladi.

«Tavakkalchilikni tahlil qilish» avtomatlashtirilgan axborot tizimi vositasida aniqlanadigan, yillik aylanmasi oxirgi uch yil mobaynida 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan soliq to‘lovchilar (tavakkalchilik darajasi yuqori bo‘lgan soliq to‘lovchilar bundan mustasno) ixtiyoriy tugatilganda ro‘yxatga kiritilgan soliq maslahatchilari tashkilotlarining soliqlar bo‘yicha xulosalari soliq organlari tomonidan tan olinadi.

Soliq maslahatchilariga sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarida soliq solish, soliq organlarining hujjatlari, mansabdor shaxslarning harakatlari va (yoki) harakatsizligi ustidan shikoyat qilish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishda hisoblash texnikasi va aloqa vositalari, audio va video yozish qurilmalaridan foydalanish huquqi berildi.

2021 yil 1 yanvardan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya institutida «soliqlar va soliqqa tortish» hamda «buxgalteriya hisobi va audit» yo‘nalishlari bo‘yicha 4-kurs bakalavriati o‘quv dasturlariga «soliq maslahati» fani kiritiladi.

Shuningdek, hujjatda yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bilan soliq maslahatchilari tashkilotlariga:

  • davlat soliq va bojxona xizmati organlari bilan munosabatlarda soliq to‘lovchining manfaatlarini ifodalash;
  • soliq hisobotini soliq to‘lovchi nomidan soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron hujjat tarzida taqdim etish;
  • davlat soliq xizmati organlarining talabnomalarida ko‘rsatilgan, aniqlangan tafovutlarning asosnomasi sifatida xulosalarni soliq to‘lovchi nomidan davlat soliq xizmati organiga taqdim etish bo‘yicha qo‘shimcha huquqlar berildi.