O‘zbekiston va Tojikiston kompaniyalari va idoralari o‘rtasida 724 mln dollarlik 308 ta investitsiya va savdo shartnomasi imzolandi, deya xabar berdi Investitsiya va tashqi savdo vazirligi (ITSV) matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Tojikistonga tashrif buyurdi va mamlakat prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashdi.

Shuningdek, Dushanbeda savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning yettinchi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston hukumati rahbari Tojikiston bosh vaziri Koxir Rasulzoda bilan birgalikda ishtirok etdi.

Komissiya yig‘ilishidan so‘ng biznes-forum bo‘lib o‘tdi, unda yengil sanovat, shuningdek, oziq-ovqat, elektrotexnika, mashinasozlik sanoati, farmatsevtika va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida sanoat kooperatsiyasining yangi loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

«Tomonlar bojxona va chegara nazorati tartiblarini optimallashtirish, shuningdek temir yo‘l infratuzilmasi ob’ektlarini qurish, modernizatsiya qilish va jihozlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligi to‘g‘risida kelishib oldilar», — deyiladi ITSV bayonotida.