29 sentyabr kuni Namanganda 35 yoshli ayol MIB xodimlarining ko‘z o‘ngida o‘ziga o‘t qo‘yib, halok bo‘ldi. Kun.uz nashrining yozishicha, ayol firibgarlik qurboni bo‘lgan. Uning onasiga uyni 13 ming dollarga aldab sotgan ayolga ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan, uyning asl egasi esa mulk o‘ziga qaytarilishi uchun sudga murojaat qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada ayol kishi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va boshqa fuqarolar oldida uydan majburiy tartibda ko‘chish talabiga qarshilik ko‘rsatayotgani aks etgan.

MIB matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining 2019 yil 8 oktyabrdagi yildagi qaroriga ko‘ra undiruvchi D.A. foydasiga javobgar D. M. va uning oila a’zolarini Namangan shahar, Istiqbol MFY, 9-Bog‘i-eram ko‘chasi 34-uydan majburiy tartibda ko‘chirish belgilangan.

Javobgar M.D. va uning oila a’zolariga nizoli uydan chiqib ketishlari kerakligi tushuntirilib, ijro hujjati talabi bajarilmagan taqdirda unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 198−1-moddasiga asosan jarima jazosi qo‘llanishi hamda majburiy tartibda ko‘chirilishi to‘g‘risida bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan 2019 yil 6 dekabrda ogohlantirish xati berilgan.

Qarzdor M.D. va uning oila a’zolari davlat ijrochisining og‘zaki va yozma ogohlantirishiga qaramasdan sudning ijro varaqasida ko‘rsatilgan xonadonni bo‘shatishdan bo‘yin tovlagani uchun davlat ijrochisi tomonidan ijro hujjatida ko‘rsatib o‘tilgan manzildan 2019 yil 12 dekabr kuni ko‘chirish harakatlarini majburiy ijro etish tayinlanib, bu haqida qarzdorning o‘zi va tegishli tashkilotlarga ma’lum qilingan. Biroq, javobgar M.D. tomonidan kassatsiya tartibida shikoyat keltirilgani sababli yuqoridagi qaror ijrosini vaqtincha to‘xtatish haqidagi sudning ajrimi qabul qilingan va ijro harakatlari to‘xtatilgan. Shundan so‘ng, sud ajrimi bilan kassatsiya shikoyatini qabul qilish rad qilingan va ijro harakatlari davom ettirilgan.

2020 yil 11 mart kuni ushbu xonadonga majburiy ijro harakatlarini o‘tkazish uchun tegishli tashkilot xodimlari va xolislar ishtirokida borilganda qarzdor M.D. uyda yo‘qligi sababli ijro harakatlari keyinga qoldirilgan. Shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasining 23 martdagi «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingan bo‘lib, unga binoan idoraviy bo‘ysunuvidan va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarda karantin holati joriy qilingani sababli, ijro hujjati ijrosini ta’minlash 15 avgustga qadar to‘xtatib turilgan.

Ijroni ta’minlash maqsadida davlat ijrochisi tomonidan 17 sentyabrda ijro hujjati bo‘yicha tomonlar byuroning Namangan shahar bo‘limiga chaqirtirilib, ularga ijro hujjati talabi qaytadan tushuntirilgan. Shu bilan bir qatorda, ijro hujjati talabini bajarmaslikning huquqiy oqibatlari ham tushuntirib o‘tilgan, manzildan ixtiyoriy ravishda ko‘chish taklif qilingan.

«Biroq, javobgar M.D. va uning oila a’zolari ko‘rsatib o‘tilgan nizoli xonadondan ixtiyoriy ravishda ko‘chib chiqib ketmagani sababli, davlat ijrochisi tomonidan shu yil 29 sentyabr kuni ko‘chirish harakatlarini majburiy ijro etish tayinlanib, bu haqda qarzdorning o‘zi va tegishli tashkilotlarga (Namangan shahar IIO FMB 2-IIB, FVV YOXB Namangan shahar bo‘limi, MFY, TTYO Namangan shahar bo‘limi) ma’lum qilingan.

Shu kuni yuqoridagi manzilga borilganda, qarzdor M.D. va uning qizi D.G. tomonidan ijro harakatlarini amalga oshirishga faol qarshilik ko‘rsatilgan. Ijro hujjati talabini bajarishga to‘sqinlik qilish maqsadida 1985 yilda tug‘ilgan D.G. o‘ziga benzin yoqilg‘isini sepib, yoqib yuborib, o‘z joniga suiqasd qilgan", deyiladi MIB bayonotida.

Fuqaro D.G. tanasining 80 foizdan ortiq kuyish tan jarohati natijasida 30 sentyabr kuni RSHTYOIM Namangan filialida vafot etgan.

Hozirda holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

MIB matbuot xizmati marhuma D. G. ning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, holat bo‘yicha aybdor shaxslarga nisbatan tegishli chora ko‘rilishini ma’lum qildi. Shuningdek, ushbu holat bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlardagi tarqatilayotgan xabarlar to‘g‘ri va ob’ektiv holda talqin qilinishi va bir tomonlama yondashilmasligini so‘radi.