Surxondaryo viloyat prokuraturasi Qumqo‘rg‘on tumanida ko‘prikning yaroqsiz holga kelib qolgani haqidagi xabarlar yuzasidan bayonot berdi. Avvalroq Daryo.uz nashri tumanning «Ko‘ganli» mahallasida yashovchi aholi hududda 6,5 milliard so‘mga qurib bitkazilgan ko‘prik hech qancha vaqt xizmat ko‘rsatmay qulab tushganini, yangi qurilayotgan yo‘l ham xuddi shunday sifatsiz bajarilib yaroqsiz holga kelib qolishidan qo‘rqayotgani haqida yozgan edi.

Aniqlanishicha, Qumqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tuvchi, davlat ahamiyatidagi 4r-105 «Darband-Boysun-Elbayon» avtomobil yo‘lining 76 kilometrida joylashgan, uzunligi 66 pogonametr bo‘lgan «Polvontosh» selgasi ustidagi ko‘prikning oraliq tayanch ustunlari 1 metrga cho‘kishi va ustki plitalari qulashi natijasida ko‘prik yaroqsiz holatga kelib, hozirgi kunda piyodalar va avtomashinalar harakati cheklangan.

Mazkur holat yuzasidan «Surxon qurulish nazorat o‘lchov» MCHJ va viloyatavtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi mutaxassilari tomonidan rasmiylashtirilgan dalolatnomaga ko‘ra, o‘tkazilgan nazorat o‘lchovida pudratchi korxona tomonidan haqiqatda bajarilgan ishlar «Bajarilgan ishlarni tasdiqlovchi schyot-faktura ma’lumotnomasi»ga (Forma-3) qo‘shib yozish holatlari aniqlanmagan.

Loyiha smeta hujjatlariga nisbatan bajarilmagan ishlar xajmi 34 mln 491 ming 265 so‘mni tashkil qilishini va mavjud pudratchi va buyurtmachi o‘rtasida 2014 yil 21 aprelda imzolangan 3/TO-2014-sonli shartnomaning 3-qismi (pudratchining majburiyatlari) 4-bandi pudratchi tomonidan to‘liq bajarilmagani ko‘rsatilgan.

Bayonotda mamlakatda e’lon qilingan karantin cheklovlari sababli tergov harakatlarini o‘tkazishning imkoni yo‘qligi, mazkur holatni oydinlashtirish uchun boshqa shaxslardan va mutaxassislardan xulosa olish imkoniyati mavjud bo‘lmagani qayd etildi.

Shu sababli 18 iyul kuni Termiz transport prokuraturasi tomonidan JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan. Ushbu qaror 29 sentyabr kuni transport prokurori tomonidan bekor qilinib, hozirgi kunda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.