AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) O‘zbekistondagi ikki tomonlama vakolatxonasi ishga tushirildi. Bu haqda Amerikaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, mamlakatda to‘laqonli missiya tashkil etilishi USAIDga O‘zbekiston hukumatining keng ko‘lamli iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlarini yanada qo‘llab-quvvatlash bilan birga xususiy biznes, nodavlat tashkilotlar va mustaqil ommaviy axborot vositalari faoliyatini kuchaytirishiga hissa qo‘shadi.

USAID mamlakatda iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, xususiy sektorni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, suv resurslarini boshqarish, qonun ustuvorligini takomillashtirish, migratsiya va odam savdosi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha faoliyatini davom ettiradi. Yangi missiya ushbu dasturlarni samarali yo‘naltirib, mahalliy hamkorlar ko‘lamini yanada kengaytirish imkonini beradi.

AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum ushbu e’lonni izohlab shunday dedi: «USAID bu yerda ikki tomonlama missiyasini tashkil etganidan juda mamnunman. Bu Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va yanada yaqinroq aloqalarni yo‘lga qo‘yishning muhim bosqichidir. Keng qamrovli o‘zgarishlar ro‘y berayotgan ushbu damda USAID ham O‘zbekistonning uzoq muddatli ravnaqi va barqarorligiga juda muhim qissa qo‘shadi. USAIDning O‘zbekistondagi dasturlari hukumat, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati tomonidan muntazam ijobiy baholanib kelgan. Yangi missiya faoliyat boshlar ekan, USAIDning O‘zbekiston bilan hamkorligi yanada mustahkamlanib, rivojlanishiga ishonch bildiraman».

«USAID jamoasi O‘zbekiston xalqi va hukumati bilan bir qator yo‘nalishlarda yaqindan hamkorlik qilishi ko‘zda tutilgan. Mamlakatda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va mintaqaviy savdoni kuchaytirish, sud-huquq islohotlarini ilgari surish, fuqarolik jamiyatini mustahkamlash, XXI asr iqtisodiyotida muvaffaqiyatga erishish uchun tanqidiy fikrlaydigan, muammolarni hal qilish qobiliyati, til va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlay oladigan ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlash, inson salomatligiga bo‘lgan jiddiy tahdidlar, xususan, COVID-19ga qarshi kurash hamda hukumatning aholi ehtiyojlariga javob berish salohiyatini oshirish kabilar shular jumlasidandir», — deyiladi xabarda.

Bunga qadar agentlikning O‘zbekistondagi idorasi USAIDning Markaziy Osiyodagi (Olma Otadagi) missiyasining bir qismi hisoblanar edi. Bir vaqtning o‘zida Tojikistonda ham USAIDning yangi missiyasi ochildi.